Light | 20:30 / 26.10.2017
34977
6 daqiqa o‘qiladi

Kosmik kemalarning qabristoni: u nima va qayerda joylashgan?

Yer kurrasida quruqlikdan eng uzoqda joylashgan go‘shaning nomlari ko‘p, lekin ko‘pincha uni Nemo nuqtasi yoki Yetib bo‘lmas ummon qutbi, deb atashadi. Koordinatalariga ko‘ra u 48 daraja 52,6’ janubiy kenglik va 123 daraja 23,6’ g‘arbiy uzunlikda joylashgan. Unga eng yaqin joylashgan quruqlik oroligacha masofa 2250 kilometrni tashkil etadi. Hi-news’ning yozishicha, o‘zining uzoqligi sharofati bilan bu joy kosmik apparatlarni ko‘mish uchun ideal joy hisoblanadi, shu sababli kosmik agentliklar ko‘pincha uni «kosmik kemalar qabristoni» deb atashadi.

Foto: NASA

«Bu joy Tinch okeanida joylashgan va sayyoramizdagi insoniyat sivilizatsiyasining istalgan nuqtasidan eng uzoq nuqta hisoblanadi», — deya Nemo nuqtasiga ta'rif beradi NASA aerokosmik agentligi.

Biroq kosmik apparatlarni atmosferaga qaytarish masalalari bo‘yicha mutaxassis va aerokosmik injyener Bill Aylorning bu masala bo‘yicha boshqacha ta'rif beradi:

«Bu yer boshqa joylarga zarar yetkazmasdan kosmosdan nimanidir qulatish uchun sayyoramizdagi eng zo‘r makon».

Navbatdagi kosmik apparatni «ko‘mish» uchun kerakli hisob-kitoblarni amalga oshirishda kosmik agentliklarga biroz vaqt zarur bo‘ladi. Qoida tariqasida biroz ixcham sun'iy yo‘ldoshlar aynan Nemo nuqtasida o‘z hayotini yakunlamaydi, deb tushuntiradi NASA, chunki atmosferaga ishqalanish natijasida paydo bo‘luvchi energiya soatiga minglab kilometr tezlikda uchib kelayotgan sun'iy yo‘ldoshni qulashigacha yondirib yo‘q qilib yuboradi. Ta-dam! Bu xuddi sehrgarlikka o‘xshaydi. Go‘yoki hech qanday sun'iy yo‘ldosh bo‘lmagandek!»

2011 yilda koinotga uchirilgan va og‘irligi 8,5 tonnadan yuqori bo‘lgan Xitoyning ilk «Tyangung-1» orbital kosmik stansiyasi singarilari boshqa gap. Xitoy 12 metrlik orbital laboratoriya ustidan 2016 yilning martida nazoratni qo‘ldan chiqaradi. Prognozlar kishini xursand qilmasdi. Stantsiya Yerga 2018 yilning boshlarida qulashi kerak. Lekin aynan qayerga? Hozircha buni hech kim bilmaydi. Aerospace Corporation notijorat tashkilotida ishlovchi o‘sha Aylorning aytishicha, uning tashkiloti stansiya atmosferada bo‘laklanishni boshlanishiga kamida besh kun qolmaguncha aniq prognoz bera olmaydi. Bu voqea yuz berganida esa, stansiyaning titan qoplamasi, yoqilg‘i baklari kabi yuzlab kilogramm tosh bosuvchi metall qismlari soatiga 300 km tezlikda Yer yuzasiga kelib urilgunga qadar qulay boshlaydi.

Xitoy Tyangung-1 ustidan nazoratni yo‘qotgani bois, bu mamlakat hozircha kosmik apparatning aynan Nemo nuqtasiga kelib qulashi borasida aniq bir prognoz bera olmaydi.

Kosmik kemalar chiqindixonasi

Eng hayratlanarli tomoni shundaki, Xalqaro kosmik stansiya bortida yashayotgan kosmonavtlar o‘sha Nemo nuqtasiga hammadan ham yaqin turishibdi. Gap shundaki, XKS Yer sirti ustidan 400 km balandlikda charx uradi, Nemo nuqtasigacha quruqlikdagi eng yaqin masofa ham 5 marta uzoqroq.

Popular Science’ga ko‘ra 1971 yildan 2016 yil o‘rtalariga qadar butun dunyoning kosmik agentliklari bu yerda kamida 260ta kosmik kemani qulatib, cho‘ktirishgan. Gizmodo portalining yozishicha, chiqitga chiqarilayotgan kosmik apparatlar soni 2015 yildan boshlab o‘sa boshlagan, chunki shu sanaga qadar ularning soni 161tani tashkil etgandi.

Bu yerda 3 kilometr chuqurlikda sovetlarning «Mir» kosmik stansiyasi, Rossiyaning 140dan ortiq yuk kosmik kemalari, EASA’ning bir necha yuk raketalari, hattoki SpaceX’ning bitta raketasi so‘ngi manzilini topgan. To‘g‘ri, kosmik apparatlar bu yerda tartib bilan bir uyumga uyilib yotgani yo‘q aslo. Aylorning aytishicha, Tyangung-1 kabi yirik stansiyalar qulayotganda bo‘laklarga bo‘linadi va uzunasiga 1600 km, ko‘ndalangiga bir necha o‘n kilometr yuzaga birin-ketin qulaydi. Nemo nuqtasining «ihotalangan» hududi 17 mln. kv. km maydonni egallaydi, shuning uchun qulagan muayyan apparatni topib olish — somonxonadan nina axtarishdek gap.

EASAning «Jyul Vern» yuk kosmik kemasi atmosferaga kirayotib, bo‘laklarga bo‘linmoqda. 2008 yil 29 sentabr.

Albatta, hamma kosmik apparatlar ham komik texnikalarning ushbu qabristonida o‘z umrini nihoyalamaydi, biroq kosmik apparat Yerning qayeriga qulashidan qat'i nazar, insonlardan birining boshiga kelib tushish ehtimoli juda past, deydi Aylor.

«Albatta, ehtimoli yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Biroq kosmik era boshlanganidan beri yodga olinishga loyiq voqea 40 yil avval ro‘y bergan. O‘shanda Oklahomada bir ayolga raketaning kuyishga ulgurmagan qismi kelib tekkan», — deb izohlaydi Aylor.

O‘lik kosmik apparat Yerdan ko‘ra orbitada ko‘proq xavf tug‘diradi. Chunki ayni paytda Yer ustida turli balandlikda 4 mingdan ortiq sun'iy yo‘ldoshlar uchib yuribdi. Yaqin kelajakda ularning soni ko‘payadi. Ilon Mask va uning SpaceX kompaniyasi o‘zlarining shaxsiy Internet tarmog‘ini barpo etmoqchi va shu maqsadda 4425ta yangi sun'iy yo‘ldosh uchiriladi. Boshqacha aytganda, orbitada hozir shundoq ham turli kosmik apparatlar tiqilib yotibdi, yaqinda esa burilishga ham joy qolmasa kerak...

Mavzuga oid