Sport | 15:50 / 27.10.2017
16272
3 daqiqa o‘qiladi

Reshford va Asensio: «Qaychi transferi» qanchalik haqiqatga yaqin?

«Manchester Yunayted» yosh hujumchisi Markus Reshfordni «Real»ga qo‘yib yuborishga tayyor, deb yozadi Daily Express. 

Buning uchun esa, madridliklar Marko Asensioni ingliz jamoasiga berishlari talab etiladi. Ispaniyalik yosh yulduz Chempionlar Ligasi va Ispaniya superkubogidagi o‘yinlaridan keyin Madridning bo‘lajak yulduzi sifatida e'tirof etilgan va muxlislar yoqimtoyiga aylangandi. Ammo Asensio o‘zining «Real»dagi holatidan qoniqmayapti va imkon qadar ko‘proq, muhimroq o‘yinlarda asosiy tarkibda tushishni istamoqda. 

Markus Reshfordning Manchesterdagi holati ham «adashi»nikiga o‘xshab ketadi. To‘g‘ri, Mourino unga ko‘proq imkoniyat taqdim etmoqda, lekin Reshfordni asosiy tarkibning alshmashtirib bo‘lmas vakili deyish qiyin va muhim o‘yinlarda unga ishonch bildirish uchun, ayni palladagi holati mukammal bo‘lishi talab etiladi. Zero, hujumchi pozitsiyasida teginilmaydigan futbolchi - Romelu Lukaku bor. Qanotlarda esa, Reshfordga yana bir iqtidorli hujumchi Antoni Marsiyal raqobat qiladi. Agar Zlatan Ibrahimovichning ham tez kunlarda qaytishi inobatga olinsa Reshfordning maydondagi daqiqalari yanada kamayishini taxmin qilsa bo‘ladi. 

«Manchester Yunayted» Asensioga bo‘lgan qiziqishini yashirmayapti. O‘z navbatida, «Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu Madridga aynan Reshfordni olib kelish lozimligini rahbariyatdan so‘rayotgani haqida xabarlar tarqaldi. 

Futbolchilarning jamoadagi vaziyati bu almashuvning mantiqli ekanini anglatsa-da, yakunda, bu kelishuv haqiqatdan yiroq bo‘lishi mumkinligini aytsa bo‘ladi. Birinchidan, Asensioning Manchesterga, Reshfordning Madridga ko‘chib o‘tishi ularning o‘yin daqiqalari bilan bog‘liq muammolari yechilishini kafolatlamaydi. Zero «MYu»da ham, «Real»da ham ushbu futbolchilar to‘p suradigan pozitsiyalar uchun raqobat yetarliligacha qoladi. 

Ikkinchidan, bu futbolchilar «Old Trafford» va «Bernabeu»ning eng yoqimtoy futbolchilari sanalishadi. Noma'lum istiqbol uchun ulardan voz kechilishi klubning, murabbiylarning muxlislar oldidagi imijiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi aniq.

Uchinchidan, bu futbolchilar hali juda yosh. Vaqt o‘tgan sari tajriba to‘plab borish va buni ortiqcha bosimlarsiz amalga oshirish uchun bugungi holatlari juda qulay. Buning ustiga, har ikki klubda Krishtianu Ronaldu, Beyl, Mata, Ibrahimovich kabi yoshi kattaroq futbolchilar borki, yaqin kelajakda o‘z o‘rnilarini yoshlarga bo‘shatishlari aniq, bu o‘rinlar uchun esa, tilga olinayotgan yoshlar asosiy nomzod sifatida qaralayotganini ta'kidlash kerak.

Mavzuga oid