Jahon | 00:28 / 29.10.2017
35065
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar AQShda minglab akulalarni o‘zini sohilga otishga majbur qilgan sababni aniqlashdi

Foto:Fotolia / alexandro900

Amerikalik olimlar Kaliforniya sohillarida minglab akulalarning o‘limiga sabab bo‘lgan parazitni aniqlashdi. Bu haqda National Geographic xabar bermoqda. 

2017 yilda minglab akulalar o‘zlarini sohillarga otishlari va buning oqibatida suvsizlanib halok bo‘lishlari holatlari qayd qilindi. Akulalar o‘zlarini nima uchun bunday tutishlari sababi mahalliy ilmiy jamg‘arma vakillari bir necha halok bo‘lgan akulani Kaliforniyadagi baliq xo‘jaligi va tabiiy zaxiralar departamentiga jo‘natishmaguncha sir bo‘lib qolayotgandi. 

Departament mutaxassislari jo‘natilgan akulalarning miyasiga qattiq zarar yetganini aniqlashgan. "Nimadir akulalarning miyasiga burun teshiklari orqali kirib, uni yegan. Oqibatda yirtqichlar oriyentatsiyani yo‘qotib, o‘zlarini sohilga otib, so‘ngra halok bo‘lganlar", deb aytilmoqda maqolada.

San-Frantsiskodagi Kaliforniya universiteti olimlari akulalar orqa miyasi suyuqligi namunalarini olishgan. Molekulyar ekspertiza evaziga ular akulalarning miyasini  Miamiensis avidus deb nomlanuvchi parazitlar yeganini aniqlashgan. Bu parazitlar boshqa dengiz jonzotlarida ham yuqoridagidek alomatlarni keltirib chiqaradi.

Olimlarning fikricha, akulalarning bu kasallikka chalinishini mo‘l yomg‘irlar yuzaga keltirgan. Yomg‘irlar oqibatida dengiz suvi sho‘rligi kamaygan. Akulalar yashash muhiti kimyoviy tarkibining o‘zgarishi ularning immunitetini zaiflashtirib, ularni parazitlar uchun oson o‘ljaga aylantirgan.

Mavzuga oid