Sport | 17:30 / 30.10.2017
14576
12 daqiqa o‘qiladi

Manchester gegemoniyasi, Vengerning yubileyi va Koutinoning yangi mashmashasi. APLda tur voqealari

Angliya premer ligasida o‘tgan dam olish kunlari 10-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Bu turda ham Manchester jamoalari g‘alaba qilishdi va turnir jadvalida yana oldinga chiqib ketishdi. «Tribuna» turning asosiy voqealarini eslatib o‘tadi.

POCheTTINONING «OLD TRAFFORD»DAGI AN'ANASI

Turnir jadvali to‘plar nisbatiga ko‘ra, «Manchester Yunayted» yuqoriroqda turgan bo‘lsa-da, bu o‘yin oldidan mehmonlarning imkoniyati yuqori baholangandi. Sababi, londonliklarning yetti turdan beri mag‘lubiyatsiz borayotgani, ayniqsa, «Liverpul» va «Real»ga qarshi juda kuchli o‘yinlar, o‘z navbatida «MYu»ning so‘nggi haftalardagi ishonchsiz o‘yinlari sabab edi. Ammo hafta o‘rtasida Harri Keynning maydonga tushmasligi aniq bo‘lgach, imkoniyatlar tenglashgandek bo‘ldi. Mourino aslida o‘z jamoasida jarohatlanganlar ko‘proq ekanini ta'kidlashga uringan bo‘lsa-da, tan olish kerak, Keynning «Tottenhem»dagi o‘rni muhimroq ko‘rinayotgandi. 

Mehmonlar o‘yin davomida bir marta haqiqiy xavfli vaziyat yaratishdi, ammo Dele Alli bundan foydalana olmadi. Balki shu faktning o‘ziyoq, o‘yinda Keyn yetishmaganini izohlar, ammo «Yunayted» an'anaviy tarzda raqibiga juda kam imkoniyat taqdim etishini «Enfild»dagi o‘yinda ham ko‘rgandik.

O‘yin juda ko‘p jihatdan jamoalarning «Old Trafford»da o‘tgan mavsum o‘yinini eslatib yubordi. Mezbonlar «Tottenhem»ning himoya chizig‘idan hujumni boshlash (Dayyerning himoya markazida o‘ynaganiga e'tibor bering) uslubini yo‘qqa chiqardi va himoya-yarim himoya bog‘lamini kesib qo‘ydi.

Mourino shogirdlari yuqori pressing tashkil etishdi, ammo buni masalan Gvardiolaning yuqori pressingiga o‘xshatish qiyin. Odatda Pep yoki Klopp amalga oshiradigan yuqori pressingda butun himoya chizig‘i ham ancha yuqori va boshqa futbolchilarga yaqin joylashadi va bunday holatlarda uzun paslar orqali himoyani yorib o‘tish mumkin. «Manchester Yunayted» esa, raqib jarima maydoni yaqinida ko‘pchilik bo‘lib pressing uyushtirgan bo‘lsa-da, markaziy himoyachilar ancha orqada qoldi. Natijada, «Tottenhem» himoyadan hujumga o‘tishda qiyinchiliklarga duch keldi. Har ikki murabbiyning o‘yindan keyingi fikrlari to‘g‘ri – Pochettino o‘yin davomida to‘pni va o‘yinni nazorat qilganini aytgan bo‘lsa, Mourino «Tottenhem»ni nazorat qilgandi. Farqi, Mourino uchun bu odatiy o‘yin bo‘lsa, «Tottenhem» o‘rganib qolgan futbol uchun biroz begona edi.

Shunday qilib, Maurisio Pochettino «Old Trafford»dagi to‘rtinchi safarini ham ochkosiz va hatto golsiz yakunladi. «MYu» esa, o‘z maydonidagi barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonib, birorta ham gol o‘tkazmagan «kuchli beshlik»dagi yagona jamoa bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, yakuniy natijaning haqli bo‘lganini ayta olamiz.  

«QANI SeNING MeDALING?»

«Manchester Yunayted» – «Tottenhem» o‘rtasidagi o‘yinda mezbonlarning veteran o‘yinchisi Eshli Yangi va «Tottenhem»ning yosh iqtidorli yulduzi Dele Alli o‘rtasida qiziq to‘qnashuv yuz berdi.

Futbolchilar o‘yin paytida to‘qnashib ketishgach, to‘p uchun kurash dahanaki jangga aylandi. Alli Eshliga uning vaqti o‘tganini va tezroq nafaqaga chiqishni «maslahat berdi». Eshli Yang esa, bu vaziyatda sobiq jamoadoshi Robin van Persini esladi chog‘i, yosh hamyurtiga «premer ligani yutganingda, menga xabar berib qo‘yarsan» deb javob berdi.

Esingizda bo‘lsa, to‘rt yil muqaddam Robin van Persi va Stiven Jyerard o‘rtasida shunday to‘qnashuv bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda niderlandiyalik hujumchi Jyerarddan «Qani sening APL medaling?» deya so‘ragandi. Jyerard esa Robinga unda Chempionlar Ligasi medali borligini, shuningdek, «Liverpul»ga sadoqatli bo‘lib, Van Persi kabi sotqin emasligini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, 32 yoshli Eshli Yang 2011 yilda «Manchester Yunayted» safiga kelib qo‘shilgan va o‘tgan davrda bir marta APL chempionligi, shuningdek, Angliya kubogi va Liga kubogi, uch marta Angliya superkubogi, hamda Yevropa Ligasini yutgan.

KOUTINO SeRIALI YaNA BOShLANDIMI?

Avgust tugab, Filippe Koutinoning «Barselona»ga o‘tishi haqidagi gap-so‘zlar tindi, o‘z navbatida, braziliyalik futbolchi ham safga qaytib, jamoa yetakchilaridan biriga aylandi. Ammo jamoaning musobaqalardagi beqaror o‘yinlari (masalan, oxirgi 10 uchrashuvda atigi 2 g‘alaba) va ayniqsa, o‘tgan turda Londondagi yirik mag‘lubiyatdan so‘ng, Koutino mavzusi yana o‘rtaga chiqa boshladi.

Avvaliga, ispan nashrlari yarim himoyachining «Barselona»ga yanvar oyidayoq o‘tishi haqida va hatto «Liverpul» bu taklifga rozi bo‘lib, Koutino uchun 150 million yevro so‘rayotgani haqida yoza boshladilar. Keyin esa, go‘yoki, Koutino «PSJ»ning taklifini rad etgan va faqat bir jamoaga o‘tishi mumkinligini aytgan. Diario Goal manbasi esa, Barselonada Koutino masalasida ikki lager yuzaga kelgani, futbolchini yanvarda sotib olishni istayotgan Messi, Velverde va Suaresga qarshi Andres Inesta turgani haqida xabarlar tarqatib yubordi.

Endi bu mavzu ingliz matbuotiga ko‘chgan. Ayniqsa, futbolchining xuddi avgust oyidagidek, tushunarsiz kichik jarohatga ega bo‘lib qolgani va «Xaddersfild»ga qarshi o‘yinda maydonga tushmagani munozaralarni kuchaytirib yubordi. Jumladan, «Liverpul» klubiga yaqin bo‘lgan, jamoaning sobiq futbolchilaridan biri Jyeyson Maketir ushbu transferning amalga oshib bo‘lgan, deb hisoblamoqda.

Agar jamoalaring tarkibiga qaraydigan bo‘lsak, bu transferning haqiqatga yaqin ekanini ko‘ramiz. Misol uchun, noyabr oyida «Liverpul» safiga jarohatlardan tiklanib Lallana va Mane qaytishadi. Ularsiz ham hujum chizig‘i Firmino, Saloh, Starrij, Solanke kabi futbolchilardan tashkil topganini e'tiborga olsak, Koutinoning transferi Klopp uchun katta yo‘qotish bo‘lmasligi, aksincha, tarkib belgilashda ortiqcha bosh og‘riqlardan xalos qilishi mumkin. Buning ustiga, transfer natijasida kirim qilingan summaga jamoa uzoq vaqtdan buyon talab etilayotgan himoya chizig‘ini kuchaytirishi va nihoyat Virjiyl van Deykni sotib olishi mumkin.

«Barselona» tarkibi esa, go‘yoki, Koutinoni chaqirayotgandek. E'tibor bersangiz, Usmon Dembelening uzoq muddatga safdan chiqishidan so‘ng, kataloniyaliklarning tarkibida aynan Koutino o‘ynashi mumkin bo‘lgan pozitsiyalar eng ko‘p rotatsiyaga uchramoqda. Uchinchi hujumkor futbolchi sifatida goh Delofeu, goh Paulino, goh Andre Gomish maydonga tushmoqda. Shuningdek, Koutino harakat qilishi mumkin bo‘lgan uchinchi yarim himoyachi o‘rnida ham asosiy tarkib shakllanmagan va braziliyalik futbolchi tomonidan to‘ldirilishi uchun barcha sharoit mavjud. Bu esa, jamoa tarkibi o‘tgan yilgidek, o‘zgarmas emasligini va aynan Koutino uchun juda mos ekanini ko‘rsatmoqda.   

«VeST HEM» TAYM»

Bilich jamoasi musobaqa autsayderi va shu kungacha faqat bir o‘yinda gol urishga muvaffaq bo‘lgan «Kristal Pelas» ustidan 2:0 hisobida oldinga chiqib olgach, ularning g‘alabasiga hech kim shubha qilmagani ehtimol. Ammo ikkinchi bo‘lim boshlarida penaltidan hisobni tenglashtirgan mezbonlar hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Zaaning zarbasidan so‘ng hisobni tenglashtirishdi.

Agar «Vest Hem»ning ushbu mavsumdagi avvalgi o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib borganimizda, balki, bunday ssenariyni oldinroq fahmlagan bo‘larmidik...

Gap shundaki, shu bilan londonliklar uchinchi o‘yinda so‘nggi daqiqalarda ochko yo‘qotmoqdalar. Avvaliga 2-turda, «Sauthempton»ga qarshi mehmonda kechgan o‘yinda, mezbonlarning qo‘shimcha daqiqalardagi goli hisobni 3:2ga yetkazgan edi. 8-turda esa, «Byornli» «Vest Hem»ning bu ojiz nuqtasidan foydalandi va so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirdi. Oxirgi daqiqalargacha kurashish kerak, janob Bilich!

RAQAMLAR

«Arsenal» «Suonsi» ustidan g‘alaba qozonib, xuddi «Manchester Yunayted» kabi o‘z maydonidagi beshinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Ligada eng yaxshi ko‘rsatkich. Shuningdek, londonliklar «Emiraytes»da barcha musobaqalardagi qatorasiga 13 o‘yinni g‘alaba bilan yakunladilar.

Antoni Marsiyal zaxiradan maydonga tushib, 4 gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

«Everton» barcha musobaqalar doirasidagi oxirgi 13 o‘yinning 11tasida mag‘lubiyatga uchragan.

«Manchester Siti»ning dastlabki 10 turdan so‘ng 28 ochko to‘plashi APL tarixidagi eng yaxshi natijadir. Gvardiola jamoasi turnir jadvalida eng yaqin ta'qibchisi «Manchester Yunayted»ni 5 ochkoga ortda qoldirmoqda.

Arsen Venger APLdagi o‘zining 800-o‘yinini o‘tkazdi. U Aleks Fergyuson rekordini yangilashiga yana 11 o‘yin qoldi xolos.

Daniyel Starrij APLdagi 100-golini urdi.

Salohning «Haddersfild» darvozasiga urilmagan penaltisi «Liverpul»ning APLdagi 34-noaniq amalga oshirilgan penaltisidir. Jamoa bu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchi bo‘lgan «Arsenal»ga yetib oldi.

«Manchester Yunayted» urgan jami gollarining 43 foizini, ya'ni 10 golni so‘nggi 10 daqiqalikda urgan.

Gabriyel Jyezus bir yildan buyon, aniqrog‘i o‘zi ishtirok etgan 35 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. «Manchester Siti» va Braziliya terma jamoasidagi o‘yinlar e'tiborga olingan.

«Manchester Siti» «Vest Bromvich»ga qarshi o‘yinda 844 marotaba to‘p uzatishni amalga oshirdi – 2003/04 mavsumdan beri eng katta ko‘rsatkichdir.

APL turnir jadvali

Mavzuga oid