Jahon | 08:55 / 02.11.2017
32987
2 daqiqa o‘qiladi

Sayfullo Soipovga o‘lim jazosi berilishi mumkin

AQSh prokuraturasi Nyu-Yorkning Manxetten tumanida terakt sodir etgan Sayfullo Soipovga qanday jazo belgilanishi masalasini hal qilmoqda. Bu haqda Nyu-York shtatining Janubiy  okrugi prokurori vazifasini bajaruvchi Yon Kim matbuot-anjumanda aytib o‘tdi.

Terrorchiga o‘lim jazosi yoki umrbod qamoq jazosi berilishi mumkin. 

"Gumonlanuvchiga qo‘yilayotgan ayblovning ikkinchi bandi bo‘yicha o‘lim jazosi berilishi mumkin. IShIDga moddiy ko‘mak ko‘rsatish bandi uchun umrbod qamoq ko‘rinishidagi maksimal jazo berilishi belgilangan", deb aytgan Kim.

Kimning aytishicha, prokuratura ayblanuvchiga o‘lim jazosi berilishiga erishishga tayyorligi borasidagi savol hozircha ochiq qolmoqda. "Bilasizki, jarayon o‘z navbati bilan bormoqda. Fojiadan keyin bor-yo‘g‘i 24 soat o‘tdi",  deb aytgan Kim.  

"Unga natijada qaysi bandlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilishini ko‘ramiz. Ulardan ba'zilariga o‘lim jazosi belgilangan", deb qo‘shimcha qilgan Kim.

Soipov 31 oktabrda Nyu-Yorkda o‘zi boshqargan pikapda odamlarni bosib ketgan. Oqibatda 8 kishi halok bo‘lgan, 12 kishi jarohat olgan. 

Hukumatning fikricha, u IShID nomidan harakat qilgan. Unga shuningdek terrorchilik bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. 

Prokuraturaning ayblov xulosasiga ko‘ra, Soipov teraktga 2 oy tayyorgarlik ko‘rgan va hujumni amalga oshirishni 22 oktabrda ijaraga olingan pikapda mashq qilgan. Soipov so‘roq vaqtida qilgan ishidan pushaymon emasligini ko‘rsatgan.

Mavzuga oid