O‘zbekiston | 09:50 / 02.11.2017
123742
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarolari AQShga kirishi taqiqlanishi mumkin

© AP Photo / Bebeto Matthews

Nyu-Yorkda O‘zbekiston fuqarosi Sayfullo Soipov pikapda odamlarni bosib o‘tib, terakt sodir etishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Endilikda O‘zbekiston fuqarolari AQShga kirishi taqiqlangan mamlakatlar qatoriga kirishi mumkin. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati rahbari Sara Sanders jurnalistlarning savollariga javob qaytarish asnosida aytib o‘tgan.

«Biz ayni vaqtda bunga chaqirmayapmiz, ammo buni istisno ham etmaymiz», — degan u matbuot anjumani vaqtida.

Seshanba kuni Nyu-Yorkda, shaharning janubiy-g‘arbiy qismida pikap avtomobili velosipedlar yo‘lagiga bostirib kirdi va o‘z yo‘lidagi velosipedchilarni bosib o‘ta boshladi. Mashina maktab avtobusiga borib urilgan. Shundan so‘ng, haydovchi mashina ichidan chiqqan va qocha boshlagan. Politsiyachilar uni otib jarohatlashgan va qo‘lga olishgan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar soni 8 nafarni tashkil etdi, yana 12 kishi jarohatlandi. Hukumat bu hodisani terakt deb baholadi.

Bundan avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp «Grin-karta» lotereyasini bekor qilmoqchiligini ma'lum qilgandi. Sayfullo Soipov 7 yil muqaddam aynan shu lotereya bilan AQShga kelgan.

Donald Tramp hokimiyatga kelganidan keyin Oq uy 7 davlat fuqarolari mamlakatga kirishini taqiqladi. Bular Eron, Liviya, Suriya, Yaman, Somali va Sudan. Keyinroq Sudan ro‘yxatdan o‘chirildi, ammo ro‘yxatga Chad va KXDR fuqarolari, shuningdek, venesuelalik amaldorlar qo‘shildi.

Mavzuga oid