O‘zbekiston | 21:40 / 02.11.2017
40188
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida qator hujjatlar imzolandi

Foto: IA Novosti / Aleksandr Astafev

Rossiya va O‘zbekiston RF bosh vaziri Dmitriy Medvedevning mamlakatimizga tashrifi davomida ikki tomonlama muzokaralar yakunlari bo‘yicha hujjatlar paketini imzoladi. 

Hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov va uning hamkasbi Dmitriy Medvedev ishtirokida imzolandi. 

Ikki mamlakat o‘rtasida quyidagi hujjatlar paketi imzolandi: RF Mehnat va bandlik federal xizmati va Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bilan shug‘ullanuvchi agentlik o‘rtasidagi kelishuv, "Rosatom" davlat korporatsiyasi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi o‘rtasidagi tinchlik maqsadlarida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi hamkorlikka doir memorandum, "TVEL" AJ va O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadroviy fizika instituti o‘rtasidagi SSR-SM tadqiqot reaktori uchun yoqilg‘i ishlab chiqarish va uni yetkazish to‘g‘risidagi shartnoma.

Bundan tashqari, hujjatlar orasida "Sho‘rtan TKKning tozalangan metan bazasida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish" loyihasini moliyalashtirishni tashkillashtirishga doir kelishuv, "Jizzax viloyatida neftni qayta ishlovchi zavodning qurilishi" investitsion loyihasini moliyalashtirishga doir bazaviy bitim, Rossiya eksport markazi hamda "O‘zsanoatqurilishbank" ATB o‘rtasidagi hamkorlik va kredit limitining o‘rnatilishiga doir kelishuv ham bor.

Shuningdek O‘zbekiston tashqi savdo vazirligi hamda RF sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida o‘rmon sanoati va ishlab chiqarish chiqindilarini qayta ishlash texnologiyalari sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi ham imzolandi. 

"Kamaz" va "O‘zavtosanoat" hamkorlikka doir shartnomani imzoladi.

"O‘zqurilishmateriallari" va Yevrosement guruhi o‘rtasida yiliga 2,4 million tonna sement ishlab chiqaruvchi "Yangi sement zavodi qurilishi"ga doir kelishuv imzolandi. 

O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda "Gazprombank" o‘rtasida O‘zbekiston-Rossiya tuzilmaviy moliyalashtirish markazini yaratish to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.

Ta'kidlash joizki, Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev 2 noyabr kuni ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Toshkentga kelgan. U O‘zbekiston poytaxtiga Pekindan uchib keldi, Medvedev 31 oktabrdan rasmiy tashrif bilan Xitoyda bo‘lgan. 

Mavzuga oid