Fan-texnika | 14:00 / 03.11.2017
6392
2 daqiqa o‘qiladi

Richard Brenson to‘rtinchi aerokosmik kompaniyaga asos soldi

Foto: VOX Space

Milliarder Richard Brensonga tegishli Virgin Orbit kompaniyasi faqat G‘arb davlatlariga, asosan AQShga kosmik xizmatlarni taqdim etuvchi alohida yangi kompaniya - VOX Space'ni ishga tushirdi. TechCrunch shu haqidagi ma'lumoti bilan bo‘lishdi. 

Yangi kompaniyani yaratish sababi - Saudiya Arabistonining yaqindagina Brensonning kompaniyalariga kiritgan investitsiyalarida. Arablar uning kosmik tadqiqotlariga milliard dollar kiritganidan so‘ng ular biznesning bir qismi nazoratini o‘z qo‘llariga olishdi. Amerika qonunlari xorijliklar ishtirokidagi kompaniyalarga NASA va Pentagon xizmatlarini taqdim etishga imkon bermaydi, shuning uchun bu ish bilan VOX Space shug‘ullanadi. 

Bunga qadar milliarderning uch kosmik kompaniyasi bo‘lgan - Virgin Galactic (suborbital kosmik turizm uchun), Virgin Orbit (yuk tashuvchi missiyalar uchun) va The Spaceship Company (kosmik tashuvchilarni ishlab chiqarish uchun).

VOX Space Brensonning to‘rtinchi kompaniyasi bo‘ldi. Kompaniyaga yaqin manbaning ta'kidlashicha, uning yaratilishi AQSh hukumat tuzilmasining kosmosga yuk tashishga doir xizmatlarni taqdim etuvchi firmalarga qat'iy talablari natijasidir. AQSh xorij firmalari va fuqarolariga bunday kompaniyalarda asosiy rollarda ishtirok etishni taqiqlaydi. Yaqinda Saudiya Arabistoni Brensonning uch kompaniyasiga milliard dollar sarmoya kiritdi. Virgin Orbit bu sarmoyalardan 2019 yilda yuklarni orbitaga olib chiqib, 12 kosmik parvozni amalga oshirishda foydalanmoqchi. 2020 yilga borib esa, 24 parvozni amalga oshirish rejalashtirilgan. 

Richard Brenson nodavlat tashkilotlar uchun tijorat parvozlari bozorida pul ishlab olish niyatida. Hajmiga ko‘ra, bu bozor Amerika hukumat agentliklarinikidan ancha katta. Bozorning ushbu ulushini qo‘ldan chiqarmaslik uchun u VOX Space'ga asos solib, sug‘urtalandi. 

Mavzuga oid