Jahon | 12:40 / 04.11.2017
66604
7 daqiqa o‘qiladi

9 marta uzilgan o‘q: Soipovni qo‘lga olgan politsiyachi va 8 nafar qurbon tarixi

Foto: Reuters

31 oktabr kuni IShIDga sodiqlik keltirgan 29 yoshli Sayfullo Soipov Manhettendagi velosipedchilar yo‘lagida 8 kishining umriga zomin bo‘ldi. Hujum terroristik harakat deb tan olindi, Soipov radikallarning targ‘ibot filmlaridan ilhomlanib, bir necha oy davomida hujumga tayyorgarlik ko‘rgan. «Meduza» terakt qurbonlari kim ekanligi va oddiy politsiyachi Rayan Nesh terrorchini qanday to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgani haqida ma'lumot berdi.

31 oktabr, seshanba kuni Nyu-York politsiyasi xodimi Rayan Nesh va uning sherigi Jon Hesiotis Manhettendagi Stayvezent maktabiga qo‘ng‘iroq bo‘yicha kelishadi. Politsiyachilarni maktab hamshirasi chaqirtirgan - o‘quvchilardan biri o‘z joniga qasd qilmoqchi edi. Nesh va Hesiotisga yana ikki politsiyachi yordam berish uchun yetib kelgan. Ular o‘quv dargohida bo‘lib turganlarida, asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Sayfullo Soipov Chambers-stritda sakkiz kishining umriga zomin bo‘ldi; Stayvezent maktabi ham xuddi shu ko‘chada joylashgandi.

Foto: AP

To‘rt nafar politsiyachining barchasi maktabdan yugurib chiqib, yashirinishga harakat qilayotgan Soipovni ta'qib qilishgan. Soipovning yonida ikkita to‘pponcha bor edi, u ko‘cha bo‘ylab yugurar hamda «Ollohu akbar» deb baqirardi. Nesh terrorchiga eng yaqin masofada bo‘lgan. U Soipovga to‘xtashni buyurgan, biroq jinoyatchi bunga itoat etmadi; Nesh xizmat to‘pponchasini olib, yugurib ketayotgan jinoyatchiga to‘qqiz marta o‘q uzgan. O‘qlardan biri Soipovga tekkan, u uncha og‘ir bo‘lmagan holda yaralangan va hozir kasalxonada. Uning qo‘lidagi qurol esa jangovar bo‘lmagan – ular peyntbol va pnevmatik to‘pponcha bo‘lgan. Neshning sheriklari o‘q uzishmagan, ular o‘tkinchilarni yaralab qo‘yishdan cho‘chishgan.

28 yoshli Nesh, The New York Daily Post’ning yozishicha, shifokorlarga qulog‘idagi shovqin bo‘yicha shikoyat qilgan. U jarohat olmagan. Nyu-York shtati gubernatori Endryu Kuomo Neshni qahramon deb atagan bo‘lsa, shahar hokimi Bill de Blazio politsiyachi o‘zini juda jasur tutganini ma'lum qildi.

Nyu-Yorkdagi velosipedchilar yo‘lagiga hujum oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi, 11 kishi jarohatlandi. Qurbonlarning besh nafari bir-birini yaxshi tanigan.

Foto: AP

Xernan Mendoza, Diyego Angelini, Alexandro Panuchcho, Ariel Erliy va Xernan Ferruchi kollejni bitirishganiga 30 yil to‘lganini nishonlash maqsadida Nyu-Yorkka kelishgan. Ularning barchasi Rosario shahridan bo‘lib, 1987 yilda bitta kollejni tamomlashgan va o‘shandan beri do‘st bo‘lib qolishgan. Amerika Qo‘shma Shtatlariga safarni Argentinada ancha taniqli bo‘lgan tadbirkor Erliy tashkillashtirgan, u shuningdek, chiptalar uchun puli bo‘lmaganlarga chipta ham olib bergan, deya yozadi The Washington Post.

Umuman olganda, Nyu-Yorkka argentinalik sakkiz kursdosh jo‘nab ketgan. 31 oktabr kuni ular Manhetten bo‘ylab velosipedda harakatlanishgan va Markaziy bog‘ga borib, so‘ng Bruklin ko‘prigini kesib o‘tishni rejalashtirishgandi. Do‘stlardan ikki nafari orqada biroz qolib ketgan – ular aynan shu sabab tufayli omon qolishdi. Olti nafar do‘stni esa Sayfullo Soipov o‘z mashinasida urib ketgan. Ulardan besh nafari, jumladan, safarni tashkillashtirgan Erliy ham halok bo‘ldi; yana bir argentinalik jarohat olgan va ayni damda kasalxonada qolmoqda, uning hayotiga hech narsa xavf solmayapti.

Argentinaliklarning ona shahrida halok bo‘lganlar xotirasiga atab bayroqlar tushirildi, uch kunlik motam e'lon qilindi. Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp Argentina prezidenti Maurisio Makri bilan suhbatda argentinaliklarni «besh nafar faxrli va ajoyib inson» deb atadi.

Foto: The Telegraph

Terakt natijasida halok bo‘lgan 31 yoshli Ann-Laura Dekad Nyu-Yorkka Belgiyadan onasi va ikki singlisi bilan kelgan. Uch oy oldin u ikkinchi farzandini dunyoga keltirgandi va yaqinlari bilan sayohatga ketishni qaror qilgan, eri esa Belgiyada qoldi. Dekad velosipedchilar yo‘lagi bo‘ylab velosipedda harakatlanib ketayotganida Soipov hujumiga uchragan; u voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi, onasi va singillari jabrlanmadi. Dekadning uch oylik chaqalog‘idan tashqari, uch yoshli o‘g‘li ham bor edi.

Amerikalik Darren Dreyk esa Moodyʼs’da, terakt joyidan uncha uzoq bo‘lmagan yerdagi Xalqaro savdo markazida menejyer sifatida ishlagan. Uning ota-onasi 32 yoshli o‘g‘li halok bo‘lganlar orasida bor yoki yo‘qligi yuzasidan tashvishlanishgan - u telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermagan. Darren ota-onasi bilan birga yashagan, otasi esa uni har kuni Xobokendagi temir yo‘l stansiyasiga olib kelib qo‘yar, erkak bu yerdan ish joyiga qarab ketardi. Tushlik vaqtida, deya yozmoqda The Washington Post, Darren velosipedni ijaraga olar hamda yon-atrofda sayr qilib, audiokitoblarni tinglardi. 31 oktabr kuni u yevropalik mustamlakachilarning kelishidan avval Amerika hindularining tarixiga oid kitobni tinglagan. Hujumning keyingi kuni Darren ota-onasi u qurbonlar orasida ekanini bilishgan.

Foto: AP

Nikolas Klivs – teraktda halok bo‘lganlar orasidagi eng yoshi va yagona nyu-yorklik shaxsdir. U 23 yoshda edi, Klivs dasturchi bo‘lib ishlagan va Vest-Villijda mashhur bo‘lgan «Arxiv» nomli uyda yashagan. Nikolas Saratoga-Springs shahridagi kollejda ta'lim olayotganida Unified Digital Group kompaniyasida ishlay boshlagan. Kollejni bitirganidan so‘ng uni darhol shtatga olishga; u sun'iy idrok, o‘yinlar nazariyasi va kriptografiya bilan qiziqardi.

Mavzuga oid