Light | 19:40 / 05.11.2017
13079
6 daqiqa o‘qiladi

AT-sohasidagilarning faoliyati va maoshiga doir 7 trend

Foto: GETTY IMAGES

Robert Half kompaniyasi 2018 yil uchun axborot texnologiyalar (AT) bo‘yicha vakansiyalar bozoriga doir tadqiqot natijalarini taqdim etdi. Tadqiqotchilar Shimoliy Amerikadagi 8000 professional, shu jumladan axborot texnologiyalari bo‘yicha 2500 direktorni so‘roq qilishdi. IT News nashri ushbu hisobotdan kelib chiqib, AT-sohasiga doir mehnat bozorining 7 asosiy trendi haqidagi ma'lumoti bilan bo‘lishdi.

1. AT-mutaxassislari kam va ular katta maosh so‘rashadi

Hisobotda ma'lum qilinishicha, yuqori malakali mutaxassislarning yetishmovchiligi - vaqtinchalik muammo emas. Kadrlar yetishmovchiligi uzoq istiqbolli muammoga aylanmoqda, degan xulosaga kelishmoqda tadqiqotchilar. Kompaniyalar hatto haqiqiy iste'dodlarni topgan taqdirda ham, odatda uni ishga olish imkoniga ega bo‘lishmaydi. So‘roq qilingan AT-direktorlarning 44 foizi yaxshi mutaxassislar topilgani, biroq nomzodlarning maoshga doir talablari qondira olinmaganini ma'lum qilishgan.

2. Ishga joylashish jarayoni juda uzoq vaqt olmoqda

Kompaniyalar eng yaxshi xodimlarni yollash uchun odatda ishga olishda rioya qilinadigan bosqichlarni tezlashtirishiga to‘g‘ri keladi. So‘rovnomalarning ko‘rsatishicha, haddan tashqari uzoq sinovlar va fikrlashlar davomida professionallarning vakansiyaga bo‘lgan qiziqishi so‘nadi. Nomzodlarning uchdan ikki qismi shu haqida ma'lum qilgan.

3. Robotlashtirish bo‘yicha mutaxassislarga talab ortadi

Robotlar hozircha dasturchilar, moliyachilar va boshqa soha egalarining o‘rnini to‘liq bosa olmasligi ayon. Biroq avtomatlashtiruv bozor landshaftini o‘zgartirayotganini inkor qilib bo‘lmaydi. Xuddi shu kompaniyaning boshqa hisobotida moliyaviy direktorlarning 56 foizi undan biznes va samaradorlik ko‘rsatkichlarining sezilarli darajada oshirishini kutadi.

Ish beruvchilar avval boshdanoq avtomatlashtirish texnologiyalari bilan ishlay oluvchi xodimlarni ishga olishdan manfaatdor bo‘lishi tabiiy. 2018 yilda bunday professionallarga bo‘lgan talab oshadi.

4. Barcha sohalarda AT-mutaxassislariga bo‘lgan talab oshmoqda

Yirik sanoat, moliya, sog‘liqni saqlash, tibbiy texnika ishlab chiqarish sohalari shular jumlasidandir. 2018 yilda Shimoliy Amerikada turli dasturchilar, ma'lumotlar tahlilchilari va dasturiy muhandislarni ishga yollash bo‘yicha bir qarashda soft yaratishdan yiroq bo‘lgan sohalarning yetakchilik qilishi kutilmoqda. Modernizatsiya va innovatsiyalarga bo‘lgan ehtiyoj zavod, klinika hamda  fabrikalarni iste'dodli dasturchilarni izlash va ishga yollashga majbur qiladi. Shu bilan birga, bunday mutaxassislarning yetishmovchiligi tufayli yetarlicha malakaga ega bo‘lmagan kadrlar ishga joylashadi. Shunday ekan, o‘rtacha bilimga ega AT-kadrlarning ishga joylashish imkoni oshadi. Bunday vaziyatlarda faqat ish beruvchigina yutqazadi. Bozor ko‘proq maosh to‘lashga majbur qiladi va arzon hamda u qadar talabgor bo‘lmagan mutaxassislar ham qimmatbaho kadrga aylana boshlaydi.

5. Soft skills barcha uchun majburiy bo‘ladi

Ish jarayonida muvaffaqiyatli ishtirokni ta'minlaydigan ixtisoslashmagan ko‘nikmalar yoki Soft skills har qanday pozitsiyalar uchun majburiy bo‘lib bormoqda. Bunday vakansiyalarga nomzodlar jamoa bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatish, turli muammolarni hal qilish va o‘z g‘oyalarini amalga oshirishni bilishlari shart.

Hisob-kitob texnologiyalari barcha sohalarda ulkan ahamiyat kasb etmoqda, shuning uchun AT-mutaxassisi  kompaniyaning har bir xodimiga biror nimani osongina tushuntirib bera olishi kerak. Bu ish beruvchilarning ko‘proq tinglash, tanqidiy fikrlash va yuqori muloqot ko‘nikmasiga ega nomzodlarni ishga olishdan manfaatdor ekanini bildiradi.

6. AT-sohasidagilarning baxt darajasi yuqoriladi

Ishdagi baxt, faoliyatidan mamnunlik reytingi bo‘yicha axborot texnologiyalari sohasi 6-o‘rinni egallaydi, deyiladi hisobotda. Stress reytingi haqida gap ketganda esa, AT bu ko‘rsatkich bo‘yicha eng oxirgi o‘rinni egallaydi. AT-sohasidagilarning o‘z pozitsiyalaridan mamnunliklariga ish beruvchilarning ularga taklif qiladigan imtiyozlari ham katta hissa qo‘shadi. So‘roq qilingan kompaniyalarning 19 foizigina o‘z xodimlariga hech qanday imtiyoz taqdim etmaganligini ma'lum qilgan. Faqat 17 foiz AT-chilarning ish haqi to‘g‘ridan-to‘g‘ri faoliyat muddatiga, tajribasiga  bog‘liq. 65 foizi ishchining individual yutuqlari va ko‘rsatkichlariga asoslanadi.

7. Professionallarni jalb qilish "fishkalar"i

AT-kompaniyalar orasida kadrlarni nafaqat yuqori maosh va moliyaviy bonuslar bilan, balki ishga doir standart takliflar orasida bo‘lmagan qator qo‘shimcha "fishkalar" bilan jalb qilish tajribasi yanada mashhur bo‘ladi. Kompaniyalar shu tariqa moslashuvchan grafik, uydan turib ishlash imkoniyatlarini taklif qiladi. Ba'zi takliflar sport seksiyalariga bepul qatnash yoki bepul tushlik kabilarni o‘z ichiga oladi. Boshqacha aytganda, odatda ish beruvchidan talab qilinmaydigan barcha qulayliklar. 2018 yilda bu ish izlashning muhim tarkibiy qismiga aylanadi.

Mavzuga oid