Jahon | 21:00 / 05.11.2017
24048
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Putin uchrashuvidagi asosiy mavzuga oid ma'lumot berildi

Foto: RIA Novosti / Sergey Guneyev

AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya davlat rahbari Vladimir Putinning ehtimoliy uchrashuvining asosiy mavzusi KXDR bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqida Oq uy vakili yakshanba kuni OAV xodimlariga ma'lum qildi. 

"Ishonchim komilki, ularning uchrashuvida suhbatning asosiy mavzusi KXDR bo‘ladi", - dedi Oq uy vakili jurnalistlarning savoliga javob berar ekan.

"Rossiya Shimoliy Koreya bilan chegaradosh. Ular ham vaziyatdan xavotirda. O‘ylashimcha, Shimoliy Koreya mintaqani inqiroz sari yetaklamoqda. Bunda, albatta, Rossiyaning o‘ziga xos roli bo‘lishi tabiiy. Rossiyaning BMT a'zosi sifatida BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga rioya qilishga oid majburiyatlari mavjud", - dedi AQSh ma'muriyati vakili.

Bundan avval Tramp Rossiya yetakchisi bilan ehtimoliy muzokaralarni muhim deb hisoblashini aytgandi. Zero Moskva Pxenyanga bosim o‘tkazishda yordam berishi mumkin. Shu bilan birga, u Putin bilan Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish masalasini ham muhokama qilish niyatida. 

Ta'kidlash joizki, RF prezidenti matubot kotibi Dmitriy Peskov ikki mamlakat rahbarining ehtimoliy uchrashuvi Vetnamda bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (OTIH) sammitida muvofiqlashtirilishi haqida ma'lum qilgan. 

Mavzuga oid