O‘zbekiston | 17:00 / 12.11.2017
17491
2 daqiqa o‘qiladi

Mogerini O‘zbekistonni Butunjahon savdo tashkilotiga kirishga chaqirdi

Foto: Reuters

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari o‘rtasida 2018-19 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bu haqda Qozog‘iston TIV xodimi Kun.uz muxbiriga ma'lum qildi.

Joriy yilning 10 noyabr kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan «Markaziy Osiyo va Yevroittifoq» ko‘rinishidagi vazirlar uchrashuvida ana shunday hujjat imzolangan.

Qozog‘iston TIV xodimining aytishicha, hujjatda mintaqaviy xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport, energetika, sayyohlik sohalarini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik shartlari belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, mazkur davlatlar Tashqi ishlar vazirlari BMT, ShHT, MDH, YeXHT tashkiloti doirasida ham o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olgan. Uchrashuvda ishtirok etgan Yevroittifoq vakillari Federika Mogerini hamda Neven Mimitsa Bishkek shahrida Qirg‘iziston rasmiylari bilan ham ko‘rishgan.

O‘z nutqi davomida, qolaversa jurnalistlar bilan suhbatda Mogerini asosan uch narsa katta urg‘u berdi: yoshlarni radikal g‘oyalardan qaytarish va mintaqada terrorizmni kuchayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, Eron hukumatining yadro dasturi, Afg‘onistonda barqaror tinchlikka erishish.

Shuningdek, u Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikistonning Butunjahon savdo tashkiloti a'zoligiga kirganini e'tirof etib, ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston va Turkmanistonning faolligini ko‘rish umidida ekanini bildirdi.

 

Mavzuga oid