Rossiya va Qozog‘iston BAAga Boyqo‘ng‘ir bo‘yicha taklif bilan chiqdi
Rossiya va Qozog‘iston BAA Fazoviy agentligiga Boyqo‘ng‘ir kosmodromining raketalar uchirish hamda mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha imkoniyatlaridan foydalanishni taklif qildi. Bu haqda RIA «Novosti» «Roskosmos» bosh direktori Igor Komarovga tayangan holda xabar bermoqda.
«Boyqo‘ng‘ir bo‘yicha biz BAAdan bo‘lgan hamkasblarga hamkorlik taklif qildik hamda qozog‘istonlik sheriklarimiz bilan uchirish qurilmalari, yer usti infratuzilmasini rivojlantirish, mutaxassislarni tayyorlash va texnoparklarni yaratish bo‘yicha ularga berishimiz mumkin bo‘lgan imkoniyatlarni muhokama qilmoqdamiz», - deya aytib o‘tdi Komarov Dubai Airshow 2017 xalqaro aviatsiya-fazoviy ko‘rgazma doirasida.
Uning ta'kidlashicha, kelajakda «Vostochnyy» kosmodromidagi hamkorlik hamda BAAdan bo‘lgan fazogirlarni XKSga olib borish masalalari ham muhokama qilinishi mumkin.
«Men shuni aytishim mumkinki, buning imkoni bor – 2021-2022 yillarda fazogirlarni XKSga olib borishni ta'minlash», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi davlat korporatsiyasi rahbari.
Avvalroq Rossiya Qozog‘istonga 12 ming gektar yerni bergani ma'lum qilingandi.