Jahon | 10:45 / 15.11.2017
56686
3 daqiqa o‘qiladi

Atamboyev o‘ta keskin bayonot berdi: «Bu alahlash va Qozog‘iston rahbariyati xarxashasi»

Foto: AKIpress

«Hattoki so‘nggi moliyaviy inqiroz neft va gazning yirik zaxiralariga ega boshqa davlatlarga og‘riqliroq zarba berdi. Qirg‘iziston esa valyuta barqarorligini ham saqlab qoldi, u qo‘shnilarga qaraganda ancha sekinroq pastga sho‘ng‘idi, biz YaIM keskin qulashiga ham yo‘l qo‘ymadik», - deya aytib o‘tdi QR prezidenti Almazbek Atamboyev «Ala-Archa» davlat qarorgohida 15 noyabr kuni barqaror rivojlanish bo‘yicha Milliy kengash yig‘ilishida.

«Biroq biznesni rivojlantirish uchun katta bozor kerak hamda biz YeOIIga katta umidlar bilan kirgandik. Mening fikrimcha, bu to‘g‘ri qaror. Albatta, biz ittifoqda qolishimiz kerak. Men buni alohida ta'kidlamoqchiman, sababi har kuni ham rus, ham qozoq OAVda Qirg‘iziston, Atamboyev YeOIIni parchalab yubormoqchi ekani haqidagi xabarlarni o‘qiyapman. Bu alahlash. Biz ittifoqdan chiqishni hech qachon rejalashtirmaganmiz. Biroq haqiqiy holat shuki, Qirg‘iziston bir oydan oshiq vaqt davomida Qozog‘iston rahbariyati xarxashasi sabab YeOIIning boshqa davlatlaridan ajralib qoldi. Bizni YeOIIdan ajratib qo‘yishdi. Xo‘sh, ittifoqni kim parchalab yubormoqchi? Buni faqat ahmoqlar va umuman bilishni ham istamaydiganlar ko‘rmayapti», - deya ma'lum qildi prezident.

Shu bilan birga, Atamboyevning ta'kidlashicha, Qirg‘izistonga davlat rahbari mamlakat qonunlarini hurmat qilish va ichki ishlarga aralashmaslikni talab qilgani tufayligina blokada uyushtirishdi.

«Bizga o‘z qoidalaringizni kiritishga urinmang. Afsuski, YeOII kelajagi haqida gapirar ekanman, shuni aytmoqchimanki, hozircha munosabatlar, birinchi navbatda, iqtisodiy aloqalar qabul qilingan va imzolangan kelishuvlar hamda bitimlar bilan emas, balki ba'zi prezidentlarning injiqligi va xarxashasi orqali tartibga solinadi... Biroq shunda YeOII madaniyatli iqtisodiy ittifoq bo‘la oladimi? Men YeOII davlatlari rahbarlarining bunday beparvoligidan hayratdaman. Tigran Sarkisyan boshchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi haqida ham shuni aytishim mumkin. Sariq chaqaga olishmayapti. Shu odamlar Qirg‘iziston haqida yana nimalarnidir gapirishmoqda. Achchiq haqiqat, achchiq faktlar shunday», - deya aytib o‘tdi u.

Mavzuga oid