Jamiyat | 19:17 / 16.11.2017
61739
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onalik kelin nega o‘z qaynonasining qotiliga aylandi?

Foto: O‘zA

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 15 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan mamlakatda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ba'zi bir salbiy holatlarga e'tibor qaratib, ularning kelib chiqish sabablari va omillarini chuqur o‘rganish, tahlil qilish asosida keyinchalik bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi, deb yozmoqda O‘zA. 

Farg‘ona viloyatida bugungi kunda huquqbuzarliklarning oldini olish, har bir mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shahar va tumanlarda sektorlar rahbarlari o‘zlariga biriktirilgan hududlarda har bir oilaning ijtimoiy-ma'naviy muhitini o‘rganib, muammolarini bartaraf etishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, ayrim shahar va tumanlarda jinoyatlarning ba'zi turlari keskin oshgani kuzatilmoqda. Masalan, xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalla fuqarolar yig‘inlari, ichki ishlar idoralari hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani natijasida joriy yilning o‘tgan davrida 300 mahallada jinoyatlar soni oshgan. 

Davlat rahbari videoselektor yig‘ilishida er-xotin va qaynona-kelin o‘rtasida hatto qotillik jinoyatlari uchrayotgani, yoshlar va ayollar jinoyatchiligi borasidagi ahvol kishini tashvishga solishini afsus bilan qayd etdi. 

Ayol – muqaddas. Qaysidir faylasuf aytganidek u go‘zalligi va mehri bilan dunyoni qutqarishi mumkin. Ayni paytda agar atrofdagilar unga loqayd bo‘lsa, dardini tinglamasa, orzu-o‘ylari bilan qiziqmasa, buning aksi bo‘lishi ham hech gap emas. Bugungi kunda yon-atrofimizda ro‘y berayotgan hodisalarga diqqat bilan razm solsak, raqamu dalillarni ko‘zdan kechirsak, “nega ayol o‘ziga, sha'niga nomunosib ishlarga qo‘l urmoqda? O‘zi uchun muqaddas va aziz ne'matlarni ba'zan arzimas narsalarga alishayotganining sababi nima?” singari savollar qiynaydi kishini. Farg‘ona tumani Yordon qishlog‘ida kelini tomonidan urib o‘ldirilgan qaynona fojiasi ham barchani yanada hushyor va ogoh bo‘lishga undaydi. Zero, qaynonani o‘z onasidek biladigan xalqimiz uchun bu illat mutlaqo yot-ku?! 

– Mahallamizda ro‘y bergan bu jinoyatdan hali ham o‘zimizga kela olmayapmiz, – deydi “Yordon” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Qunduzxon Ahmadaliyeva. – Bu oila o‘ziga to‘q, biror marta janjal chiqmagan. Ikki farzandning onasi bo‘lgan ayolning mudhish jinoyatga qo‘l urgani barchamizni hayratga soldi. Lekin, kechagi yig‘ilishda Prezidentimiz ta'kidlaganidek, buning asl ildizi bizning loqaydligimiz, beparvoligimiz oqibati emasmi? Demak, bu jinoyatda biz, jamoat tashkilotlari, mutasaddi idoralar vakillari, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘, hamma-hammamizning qaysidir darajada aybimiz bor. 

Chindan ham, ayolning jinoyatga qo‘l urishi og‘riqli masala. Ayol hech qachon o‘z-o‘zidan jinoyat qilmaydi. To‘g‘ri, hamma davlatda, hamma jamiyatda bunday muammo bor. Biroq bunday holat xalqimiz mentalitetiga, uning dunyoqarashiga umuman yot. Shunday ekan, xotin-qizlar qo‘mitalari, mahallalar, yoshlar ittifoqi va boshqa tashkilotlar bu muammoga jiddiy e'tibor qaratadigan vaqt keldi. Prezident tomonidan bundan buyon har bir sektor rahbari jinoyatchilikning holati uchun ham shaxsan javob berishi belgilab berilgani yanada bu ishlarda mas'uliyatli bo‘lishga undaydi. 

Mavzuga oid