Jamiyat | 15:45 / 16.11.2017
12237
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha targ‘ibot ishlari kuchaytirilmoqda

Samarqand viloyati hududida viloyab IIB YXH boshqarmasi tomonidan harakat xavfsizligini ta'minlash hamda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha boshqarma va uning joylardagi bo‘linmalari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi KUN.UZ’ga boshqarma axborot xizmati.

Joriy yilning o‘tgan 10 oyi ichida amalga oshirilgan targ‘ibot va tashviqot ishlariga nazar tashlansa, viloyat hududidagi muntazam yo‘l-patrul xizmati (YPX) maskanlari orqali harakatlanib o‘tayotgan haydovchilar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarini hushyorlikka da'vat qiluvchi 10 mingdan ortiq murojaatnoma va bukletlar tayyorlanib, aholiga tarqatilmoqda.

Samarqand shahridagi chorrahalarda o‘rnatilgan katta hajmdagi va yo‘llarda o‘rnatilgan kichik hajmli elektron tablolar, shuningdek, yo‘l chetlaridagi reklama bannerlarida ham hushyorlik va xavfsizlikka da'vat etuvchi ijtimoiy reklamalar joylashtirilmoqda.

Shu bilan birga, viloyati hududida aholiga sifatli transport xizmati ko‘rsatilishini tashkil etish hamda yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari oldini olish maqsadida korxona, tashkilotlarda haydovchi va ishchi-xizmatchilar bilan 453 marta profilaktik uchrashuvlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, yo‘l harakati ishtirokchilarini hushyorlikka chaqirish va e'tiborini jalb etish maqsadida yo‘lovchi tashishi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 147 ta yo‘nalishdagi avtobuslarda va 2723 ta yo‘nalishsiz yengil avtomobil (taksi)larning orqa oynasiga turli targ‘ibot chaqiriqlari va shiorlari yopishtirildi.

Mavzuga oid