Jahon | 14:35 / 17.11.2017
4831
3 daqiqa o‘qiladi

Angry Birds muallifi Tallindan Xelsnikigacha tunnel qurmoqchi

Foto: EPA/ADAM WARZAWA

Tez orada Tallin va Xelsnikini temir yo‘l tunneli bog‘lashi mumkin. Mashhur Angry Birds kompyuter o‘yinini ishlab chiqqan Piter Vesterbaka Fin ko‘rfazi orqali suv osti yo‘lining qurilishi bilan shug‘ullanishni rejalashtirmoqda. 

Yaqindagina Rovio kompaniyasining marketing departamenti rahbari lavozimini tark etgan ishbilarmonning so‘zlariga ko‘ra, loyiha Finlyandiya va Estoniya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan taqdirda, tunnel qurilishi kelgusi yilda boshlanadi. Uni besh yilda qurish mumkin. Shu tariqa, tunnel 2030-yillar emas, 2020-yillarda tayyor bo‘ladi, deydi Vesterbaka Finlyandiyaning "Xyufvudstadsbladet" nashriga. 

Bo‘lg‘usi temir yo‘l liniyasi bo‘ylab soatiga 350 kilometr tezlikda harakatlanuvchi tezyurar poyezdni ishga tushirish mo‘ljallangan. Yo‘lovchi 50 yevroga chipta olib, Tallindan Xelsnikigacha atigi 20 daqiqa sarflaydi. Bundan tashqari, Vesterbaka Fin ko‘rfazi ostida muntazam yuk tashishni yo‘lga qo‘ymoqchi. 

Rejaga ko‘ra, ikki shahar o‘rtasida har birining diametri 17 metrdan bo‘lgan ikki tunnel liniyasi yo‘lga qo‘yiladi. Ishbilarmonning so‘zlariga ko‘ra, uzluksiz temir yo‘l tizimi uchun bu keragidan ortiq demakdir. Uning qurilishi uchun 12 burg‘ulash uskunasi talab qilinadi. 

Loyihaning dastlabki qiymati 15 milliard yevroga baholanmoqda. Vesterbakaning ta'kidlashicha, qurilishga davlat mablag‘larini jalb qilishga hojat yo‘q. "Loyiha to‘liq xususiy. Biz davlat yoki Yevropa mablag‘lariga muhtojlik sezmaymiz va loyihani imkon qadar tezroq amalga oshirish uchun barcha jarayonlarni optimallashtirishga harakat qilamiz. Bu mablag‘larni tejash imkonini beradi", - deydi u.

Finlyandiyalik ishbilarmonining rejasiga ko‘ra, boshlang‘ich bosqichda ishlar Xitoy sarmoyalari hisobiga moliyalashtiriladi. Taxminlarga ko‘ra, tunnel 37 yilda sarflangan pulni oqlaydi.

Mavzuga oid