Jahon | 23:26 / 17.11.2017
8293
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Amerika sohillari yaqinida Argentinaga qarashli suv osti kemasi yo‘qolib qoldi

Foto: AFP 2017 / Telam/Alejandro Moritz

Janubiy Amerika sohillari yaqinida Argentina harbiy-dengiz kuchlariga (HDK) qarashli “San-Xuan” suv osti kemasi yo‘qolib qoldi. Ta'kidlanishicha, ekipaji 44 kishidan iborat suv osti kemasi 3 kundan beri aloqaga chiqmayapti. Shu sababli Argentina hukumati qidiruv-qutqaruv operatsiyasini boshlab yuborgan. 

Argentina HDKning tvitterdagi sahifasida ma'lum qilinishicha, suv osti kemasi 15 noyabrda Ushuayidan Mar-del-Platu tomon suzayotganda g‘oyib bo‘lgan. Ayni vaqtda HDK samolyotlari va kemalari suv osti kemasi oxirgi marta qayd qilingan hududda qidiruv ishlari olib bormoqda.

HDKning rasmiy vakili Enrike Balbining aytishicha, harbiylar bunday vaziyatlarda ko‘zda tutilgan reja bo‘yicha harakat qilmoqdalar. Uning ta'kidlashicha, qidiruv ishlari 16 noyabrda boshlangan. 

Clarín nashri ma'lumotlariga ko‘ra, kemada yong‘in yoki biror texnik nosozlik sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. 

Balbining aytishicha, harbiylarda kemada yong‘in yoki avariya bo‘lgani haqida ma'lumot yo‘q. “Ehtimol, ular suzishni davom ettirmoqdalar, biroq elektr uzatishdagi muammo sababli aloqa yo‘q bo‘lishi mumkin”, deb taxmin qilgan Balbi. 

“San-Xuan” Germaniyada qurilgan. Argentina HDK tarkibiga 1985 yilda kiritilgan. Kema uzunligi 66 metrni tashkil qiladi va soatiga 46 km tezlik bilan harakatlana oladi. Bu turdagi kema suv sirtiga chiqmagan holda suv ostida ikki kungacha qola olishi mumkin. 

Mavzuga oid