Jahon | 20:50 / 21.11.2017
15468
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonning yangi prezidenti inauguratsiyasiga qancha mablag‘ sarflanishi ma'lum qilindi

Foto: gov.kg

Qirg‘izistonning saylangan prezidenti Sooronbay Jeenbekovning inauguratsiyasi mamlakat byudjyetiga 120 ming dollarga aylanishi ma'lum qilindi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatiga iqtibos keltirgan holda “Interfaks” axborot agentligi xabar berdi.   

“Qirg‘izistonning saylangan prezidenti Jeenbekovning inauguratsiyasini o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida asosiy tashkiliy masalalar muhokama qilindi va tegishli davlat idoralari rahbarlariga aniq vazifalar yuklandi. Bundan tashqari, inauguratsiyani o‘tkazish xarajatlari smetasi tasdiqlandi. Bu xarajatlar 8 mln 404 ming 248 somni (120 ming dollar) tashkil qiladi”, deb aytgan matbuot xizmati vakili. 

Ta'kidlanishicha, inauguratsiyaga jamoatchilik, ijodiy va ilmiy sohalar vakillari, parlament deputatlari, hukumat a'zolari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat jami 450 kishi taklif qilingan.

Avvalroq Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti Almazbek Atomboyev yangi prezident inauguratsiyasidan keyinoq dam olishga ketishini ma'lum qilgandi.

Avval ma'lum qilingandek, Sooronboy Jeenbekovning inauguratsiyasi marosimi “Ala-Archa” davlat qarorgohidagi “Ene-Say” qabullar uyida 24 noyabrda bo‘lib o‘tadi va mahalliy soat bilan 10.00da boshlanadi.

Mavzuga oid