Sport | 22:47 / 23.11.2017
16789
2 daqiqa o‘qiladi

Muxlislar Bilichni terma jamoa murabbiyligi uchun eng munosib nomzod sifatida ko‘rmoqda

Bugun O‘zbekiston futbol federatsiyasi mamlakat bosh jamoasiga murabbiy izlash ishlarini davom ettirayotgani haqida aytib, bu borada muzokara olib borilayotgan 9 nafar nomzod nomini ko‘rsatib o‘tdi.

Bular Dan Petresku, Slavolyub Muslin, Miodrag Radulovich, Anjyelio Alessio, Bernd Shtork, Branko Ivankovich, Slaven Bilich, Valter Matstsari va Bert van Maarveykdir.

«Kun» saytining Telegram kanalida o‘quvchilardan bu nomzodlardan qaysi biri terma jamoa boshqaruvi uchun mosligi haqida so‘raldi.

Natijalarga ko‘ra, 2010 yilda Xorvatiya terma jamoasini jahon chempionatiga olib borgan 46 yoshli mutaxassis Slaven Bilich muxlislar tomonidan terma jamoa bosh murabbiyligi uchun eng maqbul deb topilgan. So‘rovnomada qatnashgan 4000 kishidan 77 foizi xorvatiyalik murabbiy variantini tanlagan.

Keyingi o‘rinlarni Bert van Maarveyk (9 foiz) va Valter Matstsari (5 foiz) egallagan.

Eslatib o‘tamiz, Bilich shu oyda Londonning «Vest Hem» klubidan iste'foga chiqqandi. U 2006—2012 yillar davomida Xorvatiya milliy termasida ishlab nom qozongandi. U keyinroq Moskvaning «Lokomotiv» va Istanbulning «Beshiktosh» klublarida faoliyat ko‘rsatgan. U Turkiyada ikki marta bronza medalini qo‘lga kiritgan.

Ayni vaqtda O‘zbekiston milliy terma jamoasini Ro‘ziqul Berdiyev vaqtinchalik murabbiy sifatida boshqarib turibdi.

Mavzuga oid