Jamiyat | 14:11 / 24.11.2017
10323
2 daqiqa o‘qiladi

“Hushini yo‘qotgan” o‘g‘ri

Foto: Flickr

Tohir Muqimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ikki nafar farzandini halol rizq bilan boqayotgan, tartibli kishi edi. Ammo arzimas ko‘ngil ranjish tufayli alamini ichkilikdan olmoqchi bo‘ldi. U shunday qildi ham. Butun borliqni, hatto nima ish qilayotganini unutdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Oshxonadan chiqib kelarkan, ro‘parada turgan “Damas” uning e'tiborini tortdi. Buni qarangki, mashina egasining e'tiborsizligi tufayli uning kaliti joyida qolgan ekan. Mashinaga o‘tirgan Tohir gazni bosdi-yu, boshi oqqan tomonga haydab ketdi.

“Ko‘zimni ochganimda keng dalada yotganimni, qanday kelib qolganim, oldimda turgan mashina kimniki, qayerdan kelib qolganini bilmadim, - dedi u sud jarayonida. – Qilgan ishimdan afsusdaman, voyaga yetmagan farzandlarim bor... Iloji bo‘lsa, yengillik beringlar...”.

Ushbu holatda yaxshiyamki, fojia yuz bermadi. Aks holda, necha oila musibatga, ortiqcha tashvishu alamga ro‘baro‘ bo‘lishi tayin edi.

Ha, “Ko‘za kunda emas, kunida sinadi”. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining tezkor harakatlari tufayli “Damas” egasiga qaytarildi.

Tohir Muqimov esa O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor, deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Jinoyatga jazo muqarrar. Oddiy turmush tashvishlaridan alamzadalik yasab, ichkilikka oshno tutungan T.Muqimov singari kishilarga bu kabi voqealar saboq bo‘lsa ajab emas. 

Mavzuga oid