Jamiyat | 19:05 / 30.11.2017
28423
4 daqiqa o‘qiladi

Kuchli ta'sir ko‘rsatuvchi dori-darmonlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Foto:Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati

Mamlakatda inson manfaatlari oliy qadriyat sifatida qaraladi. Inson salomatligini asrash, muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biridir. Salomatlikni mustahkamlashda dori-darmon vositalari ham muhim ahamiyatga ega.

Ammo, ming afsuski, sifati kafolatlanmagan, inson ruhiyatiga kuchli ta'sir ko‘rsatuvchi, shifokor retseptisiz berilmaydigan dori-darmon vositalarini noqonuniy ravishda sotish yo‘li bilan mo‘may daromad orttirmoqchi bo‘lgan shaxslar hamon uchrab turibdi.

Yaqinda Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xodimlari Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston hududiga muqaddam aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan ko‘p miqdordagi “Lirika” nomli dori vositalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

O‘tkazilgan tadbir davomida, “Sharnod” MChJga qarashli dorixona sotuvchisi fuqaro F.Ismatullayev mijozga 2 dona “Lirika 300 mg.” nomli dori vositasini har bir donasini 18 000 so‘mga nazorat kassa apparati chekisiz va shifokor retseptini talab qilmasdan sotayotganligi fosh etildi.

Shundan keyin ushbu dorixona belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, dorilar sotilayotgan peshtaxtaning pastki qismida 7 dona va dorixona ichkarisining o‘ng tomonida joylashgan xonadagi stol tortmasi ichidan jami 126 dona xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarilgan “Lirika 300 mg.” nomli dori vositalari borligi aniqlandi. Ushbu aniqlangan jami 135 dona dorilarning qiymati 2 430 000 so‘mni tashkil etdi.

Foto:Davlat bojxona qo‘mitasi  Axborot xizmati

Shunga o‘xshash yana bir holatda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Milliy xavfsizlik xizmati hamda davlat soliq inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Tramadol” dori vositasining oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi bir guruh shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.

Inson salomatligiga ta'sir qiluvchi bu kabi dori vositalarini jamoat joylari, turli kafe va restoranlarda xufiyona sotish orqali yaxshigina daromad orttirib kelayotgan fuqarolar M.Sh.Avazov, Ya.I.Babaxanov, A.A.Melibayevlar endi qonun oldida javob berishadi.

Poytaxtning Chilonzor tumanida ushbu shaxslar 201 ta konvalyutadagi, jami 2010 dona “Tramadol” dori vositalarini 3.050.000 so‘m evaziga noqonuniy ravishda sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Shuningdek, tadbir davomida fuqaro A.A.Melibayev o‘zining yashash xonadonidan yana 150 dona konvalyutadagi, jami 1500 dona “Tramadol” tabletkalarini ixtiyoriy ravishda topshirdi.

Ushbu holat bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan xolislar ishtirokida tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, tadbir davomida olingan jami 351 ta konvalyutadagi, 3510 dona “Tramadol” dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid