O‘zbekiston | 15:50 / 01.12.2017
131710
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident devonida yana o‘zgarishlar ro‘y berdi

Sobiq Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Rustam Sobirovich Qosimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi etib tayinlandi.

Kun.uz manbasi ma'lumotiga ko‘ra, Rustam Qosimov prezident devonida Fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha sektorga boshchilik qiladi.

Rustam Qosimov shu yil boshidan buyon Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori, kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

U yangi lavozimda Ahmadxo‘ja Nig‘manovich Yunusxo‘jayev o‘rnini egalladi.

Fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari xizmati:
ta'limning uzluksizligini ta'minlashga va yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan ta'lim sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi, Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalda samarali ijro etilishi bo‘yicha ishlarni tashkil qiladi;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari, zamonaviy fan yutuqlarini hisobga olgan holda ilm-fanni rivojlantirish va ilmiy-texnik taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini iqtisodiyot, ijtimoiy, ta'lim va boshqa amaliy faoliyat sohalariga joriy qilishni kengaytirish, ilmiy kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirilishini ta'minlaydi;
sog‘liqni saqlash va sport sohasini rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash va yaxshilash, sog‘lom avlodni tarbiyalash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish, Olimpiya o‘yinlarida, jahon birinchiliklarida, Osiyo chempionatlarida, xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston terma jamoalari sportchilarining natijadorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Biroz oldinroq Iqtisodiyot vaziri lavozimidan ketgan Galina Saidova ham prezident devoniga o‘tgan. U prezident davlat maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlangan.

Shuningdek, sobiq Tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev ham prezident devoniga sektor boshlig‘i etib tayinlangan.

Mavzuga oid