O‘zbekistonga yosh sayyohlarni jalb etish uchun nimalarga e'tibor qaratish lozim? To‘qima hikoya misolida
O‘zbekistonlik taniqli bloger, ayni paytda AQShda istiqomat qilayotgan Nodir Zokirov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bo‘yicha o‘z mulohazalarini post sifatida taqdim etdi. Bir to‘qima sayohatnoma misolida eng muhim omilga e'tibor qaratgan bloger mobil ilovalardan samarali foydalanish samaralari haqida fikr bildirgan.
«Yakshanba kuni qahvaxonada o‘tirib, A mamlakatiga sayohat qilishni rejalashtirdik. Shunday qilib, Orbitz ilovasi orqali aviachipta sotib oldik, birdaniga bir nechta shaharda tunash uchun Airbnb ilovasi orqali joylarni band qilish imkoni bor.
Internetda ko‘rsatilgan veb-sayt orqali (temiryo‘l kassasida pasport hujjatini taqdim etmay) temiryo‘l qatnovi uchun chipta xarid qildik. Aeroportdan chiqishimiz bilan Uber ilovasi orqali buyurtma qilingan taksi bizni kutib oldi.
Shahar markazida joylashgan, Airbnb platformasi orqali band qilingan barcha qulayliklarga ega uyga o‘rnashdik. Hech kimga pasportni ko‘rsatish, oshiqcha ro‘yxatlardan o‘tishning keragi ham yo‘q. Xuddi shaxsiy uyimga kelgandek, o‘zimni yengil his etdim.
Birozdan so‘ng, ko‘cha aylanishga otlandik. Bu safar bizga TripAdvisor ilovasi yordam beradi, u barcha diqqatga sazovor joy va muzeylarni, jumladan ushbu binoga ryukzak bilan kirish mumkin emasligini ham biladi. Buning ustiga to‘lov va ish vaqti aniq ko‘rsatilgan.
Tushlik vaqti bo‘lgach, Yelp ilovasi yaqin atrofda joylashgan sifatli va shirin taomlarni tayyorlab beradigan tamaddixonani ko‘rsatib yubordi. Restoranga yetib borguncha, oshpazlar biz tanlagan ovqatni tayyorlashga uringandi. Butun shahar bo‘ylab harakatlanishda Google Maps navigatsiyasi asqotdi.
Kechki sayr uchun Enterprise Rent-A-Car orqali mashina ijaraga oldik. Mahalliy tilni yaxshi tushunmaganim uchun Translate Google orqali muloqot qilaverdim.
Sayohatimiz va ko‘rganlarimizni ijtimoiy tarmoqdagi sahifamga #VisitUzbekistan heshtegi bilan joylab bordim. Aytgancha, hech kim biror hududda suratga tushishni taqiqlamadi. Militsiya jilmayib biz bilan suratga tushishga rozi bo‘ldi!.
Agar e'tibor qilgan bo‘lsangiz, bu to‘qima hikoyada yaqqol ajralib turgan omil - mobil ilovalar! Agar biz shu paytgacha yevropalik keksa sayyohlarni (yildan-yilga kamayib borayotgan) mamlakatga jalb etish ustida bosh qotirgan bo‘lsak, endilikda mashina sotib olish, uy-joy uchun jamg‘arma yig‘maydigan, tasodifiy va arzon sayohatlarni sevguvchi yoshlarni ham o‘lkamizga rom etishni o‘ylash kerak.
O‘zbekistonda turizm sektorini rivojlantirish ustida ishlayotgan barcha mas'ul amaldorlar yosh yevropaliklar haqida bilishi lozim bo‘lgan muhim omillar shulardan iborat», deya yozgan muallif.
Ta'kidlash lozimki, O‘zbekiston internet tezligi va elektron xizmat turlari bo‘yicha dunyo davlatlari orasida eng quyi pog‘onalardan birini egallaydi.
Mavzuga oid
20:15 / 26.12.2024
Mirziyoyev: YeOII davlatlari fuqarolariga ichki hujjatlari bilan O‘zbekistonga kirish imkonini berishga tayyormiz
22:53 / 16.12.2024
Emin Agalarov Chorvoq bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan turistik markazini qurmoqchi
18:14 / 16.12.2024
Surxondaryoning uchta tumanida zamonaviy turistik markazlar tashkil etiladi
09:49 / 13.12.2024