Jahon | 22:30 / 04.12.2017
20088
4 daqiqa o‘qiladi

Yamanning sobiq prezidenti o‘ldirilishi tafsilotlari ma'lum qilindi

© RIA Novosti / Aleksey Drujinin

Husiychilar Yamanning sobiq prezidenti Ali Abdulla Salohni otib o‘ldirishgan. Bu haqda RIA Novostiga Yaman armiyasi vakili Yahyo al-Mahdiy ma'lum qilgan.

Sobiq prezident o‘zi rahbarlik qilayotgan «Umumxalq kongressi» partiyasining boshqa rahbarlari bilan Mag‘rib viloyatiga o‘tishga uringanida hujumga uchragan, u qo‘lga olish chog‘ida halok bo‘lgan.

Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, husiychilarning xavfsizlik xizmati Salohning harakatlarini kuzatib borgan, uning tarafdorlari uni xavfsiz joyga olib ketishmoqchi edi.

«Saloh va hamrohlari Sanxanga kelganida xavfsizlik kuchlari vakillari uni qo‘lga olmoqchi bo‘lishdi, ammo o‘rtada otishma chiqdi. Otishma vaqtida Saloh hamda uning bir necha hamrohlari halok bo‘lishdi, yana bir necha kishi qo‘lga olindi», degan axloq masalalari departamenti direktori al-Mahdiy.

Sano viloyati hududida joylashgan Sanxan qishlog‘i  - Abu Abdulla Salohning vatani hisoblanadi.

Salohning o‘limi haqda birinchi bo‘lib husiychilar nazorati ostidagi hudud IIV rahbari ma'lum qilgandi. Sobiq prezidentning o‘limi haqidagi ma'lumot avvaliga «Umumxalq kongressi» partiyasi vakili tomonidan rad qilindi.

Ammo keyinroq bu hujum vaqtida Saloh va partiya rahbari o‘rinbosari Yasir al-Avada o‘ldirilgani, Salohning o‘g‘li Xolid qo‘lga olingani haqida ma'lum bo‘ldi.

Ali Abdulla Saloh Yamanni 1978 yildan 2011 yilgacha boshqargandi. Shialar vakili bo‘lgan Saloh hokimiyatdan ketgach, yangi prezident, sunniylar vakili Abd Rabbo Mansur Hodiyga qarshi shialarning radikal guruhi «Ansor Alloh» bilan ittifoqchilikda kurash boshladi. 2014 yilda bu ziddiyat Yamanda fuqarolik urushini keltirib chiqardi. Natijada, qonuniy prezident poytaxtni tashlab, janubdagi port shahar Adanga qochishga majbur bo‘ldi.

2015 yilda Yaman hukumatini Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi qo‘llab-quvvatlab chiqdi va Yamanga koalitsiya kuchlari kiritildi. Shundan keyin mamlakatda kuchlar muvozanati yuzaga keldi.

29 noyabr kuni husiychilar va Ali Abdulla Saloh tarafdorlari o‘rtasida Sano uchun ichki kurash boshlanib ketdi. Bir necha kun ichida qurolli to‘qnashuvlar oqibatida 245 kishi halok bo‘ldi.

O‘tgan haftada Mansur Hodiy armiyani husiychilar va Saloh tarafdorlari o‘rtasida kurash boshlangan Sanoga yo‘naltirdi.

Shanba kuni Saloh husiychilar bilan aloqalarni butkul uzgani haqida ma'lum qilib, barchani mamlakatni ulardan qutqarishga chaqirdi. Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Salohning bu harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. Bu orada «Ansor Alloh» yetakchisi Abdulmalik al-Husiy Salohni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlarning harakatlarini «aqlsiz va shubhali», Salohning o‘zini esa «sotqin» deb e'lon qilgandi.

Mavzuga oid