Sport | 09:20 / 05.12.2017
14786
2 daqiqa o‘qiladi

JCh-2018’ga qur'a tashlashda firib qo‘llangan bo‘lishi mumkinligi istisno qilindi

Foto: Interfax.ru

2018 yilgi jahon chempionati tashkiliy qo‘mitasi raisi Aleksey Sorokinning aytishicha, jahon chempionati final bosqichiga qur'a tashlash jarayonining halol o‘tkazilganiga shubha bo‘lishi mumkin emas.

“Butun dunyo qur'a tashlash qanday o‘tgani va uni kim o‘tkazganini ko‘rdi. Marosimning shaffofligi borasida menda shubha yo‘q”, deb aytgan Sorokin “Interfaks” axborot agentligining tegishli savoliga javoban. 

Ba'zi OAVda Rossiyaning FIFA reytingida past o‘rinlarda joylashgan terma jamoalar bilan bir guruhga tushishi aqlbovar qilmas omad deb atalgan. Bugungi kunda Rossiya terma jamoasi FIFA reytingida 65-o‘rinni, u bilan bir guruhdan o‘rin olgan Saudiya Arabistoni 63-o‘rinda, Misr 31-o‘rinda va Urugvay 21-o‘rinda joylashgan.

Sorokinning aytishicha, qura tashlash vaqtida “qizdirilgan sharchalar” bilan bog‘liq holat uydirmadir, bu jarayon qayta-qayta tekshiriladi, hech kim anchadan beri bunday qilmaydi, agar umuman kimdir shunday qilgan bo‘lsa, bu ertakdir”.

“Sharchalar maxsus xonada saqlangan va qur'a tashlash jarayonida ishtirok etgan odamlar maqomi uning mutlaq halolligiga kafolat hisoblanadi”, deb aytgan Sorokin.

U Rossiyaga raqiblar bilan omad kulib boqqani haqidagi savolga “Boshqachasiga bo‘lishi ham mumkin emas”, deb javob qaytardi.

Avval ta'kidlanganidek, jahon chempionatining ochilish uchrashuvida unda ishtirok etayotgan ikkita eng kuchsiz jamoa – Rossiya va Saudiya Arabistoni uchrashadi.

Mavzuga oid