O‘zbekiston | 15:00 / 10.12.2017
38694
2 daqiqa o‘qiladi

Fotolavha: Toshkent shahar IIBB boshlig‘i shaxsiy tarkibni ko‘rikdan o‘tkazdi

9 dekabr kuni Toshkent shahrining Bunyodkor stadioni avtoturargohida IIBBning shaxsiy tarkibini ko‘zdan kechirish va xizmat qilishda yuksak natijalarni ko‘rsatgan bir guruh ichki ishlar xodimlarini mukofotlash tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda ishtirok etgan ShIIBB boshlig‘i general-mayor Bahodir Qurbonovning ta'kidlashicha, shahar ichki ishlar xodimlari hukumat tomonidan qo‘yilayotgan vazifalarni sidqidildan bajarib, bildirilayotgan ishonchni oqlash borasida yanada jiddiy faoliyat ko‘rsatishi lozim. 

“Yaqinda, 24 dekabrda Toshkent shahar va tuman kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Undan so‘ng xalqimiz intiqlik bilan kutayotgan va keng nishonlaydigan Yangi yil bayrami tantanalari bo‘lib o‘tadi. Shahar aholisi saylovni va bayramni tinch-osoyishta o‘tkazib olishi ichki ishlar idoralariga yanada jiddiy mas'uliyat yuklaydi”, - dedi general-mayor Bahodir Qurbonov.

Tadbirda shahar IIBB xodimlarining bir guruhini xizmat faoliyatini amalga oshirishdagi xizmatlarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Ular ShIIBB tomonidan moddiy mukofotlar bilan rag‘batlantirildi.

Xususan, yaqinda Toshkent ruhiy kasalliklar shifoxonasidan qochgan 3 nafar xavfli jinoyatchini aholiga ziyon-zahmat yetkazmasdan ushlashda jonbozlik ko‘rsatgan xodimlar, Bektemir tumanidagi qotillik jinoyatini fosh etgan bir guruh jinoiy-qidiruv boshqarmasi vakillari hamda boshqa ichki ishlar idoralari vakillari mukofotlandilar.

Shundan so‘ng, Toshkent ShIIBB boshlig‘i shahar ichki ishlar idoralari shaxsiy tarkibini ko‘zdan kechirdi. Unda shahar IIBB tarkibiga keltirilgan yangi texnikalar namoyishi ham bo‘lib o‘tdi.

 

Mavzuga oid