Jahon | 20:30 / 13.12.2017
6356
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda noma'lum shaxs o‘zgalarning 40 ming dollarlik xaridlarini to‘lab berdi

Foto: Getty Images

AQShning Pensilvaniya shtatida noma'lum shaxs Wallmart supermarketida o‘zgalar tomondan olinib, biroq puli to‘lanmagani sababli chetga olib qo‘yilgan 40 ming dollarlik tovarlarning pulini to‘lab berdi. Supermarket xodimlarining ta'kidlashlaricha, u bu xotamtoyligi bilan 200 oilani xursand qilgan.  

Supermarket xodimlari xaridni keyinga qoldirgan mijozlarga telefon qilib, ularning xaridlari puli to‘lab berilgani va ularni olib ketishlari mumkinligini ma'lum qilishgan. Mahalliy fuqarolardan biri Kristen Martinning aytishicha, u xaridga pul to‘lay olmagani uchun do‘kondan uyiga juda asabiy qaytgan. Uning ta'kidlashicha, ko‘pchilik bayram vaqtida moliyaviy qiyinchiliklarga duch keladi.

“Dekabrda haqiqatan katta summadagi hisoblar keldi. Menga suv uchun 800 dollarlik hisob keldi va shu sababli men xaridlarning bir qismini keyinga qoldirishimga to‘g‘ri kelgandi”, deb eslamoqda Martin.

Supermarket xodimasi Barbara Karnsning aytishicha, u bu yerdagi 20 yillik faoliyati davomida “bunday xotamtoylikni hali ko‘rmagan”.  

“Bu hududda bunday voqealar uncha ko‘p bo‘lmaydi. Albatta, kimdir ba'zida o‘zgalarning mahsulotlari yoki mayda-chuyda buyumlari pulini to‘lab beradi, biroq hali bunday yirigi bo‘lmagan”, deb aytdi Karns.

O‘tgan yil ham bu do‘konda noma'lum kimsa o‘zgalar xaridi pulini to‘lab bergan. Buni kim qilganini hech kim, hattoki do‘kon xodimlari ham bilishmaydi. Shuningdek, bu gal ham o‘sha odam bo‘lganmi yoki boshqasi - noma'lum. Do‘kondagilar bu xotamtoyni “Santa B” deb atashadi.

Mavzuga oid