O‘zbekiston | 19:30 / 13.12.2017
9250
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Vazirliklarga o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 500 mln dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydik

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sooronboy Jeenbekov o‘zaro muzokaralar yakunida matbuot uchun bayonot berishdi. 

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar muzokaralar o‘zaro anglashuv, ochiqlik va samimiyat ruhida, ishchan kayfiyatda o‘tganini, erishilgan kelishuvlar ikki xalq manfaatlariga xizmat qilishini ta'kidlashdi. 

«Sooronboy Jeenbekovni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentligiga saylangani bilan yana bir bor muborakbod etaman va ilk xorijiy tashriflaridan birini O‘zbekiston zaminidan boshlaganini mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga sadoqatning ifodasi deb bilaman.

Bugungi muloqotlar o‘zaro ishonch, do‘stlik va konstruktiv ruhda o‘tganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etaman.

Bu yil davlatlarimiz uchun savdo-iqtisodiy munosabatlarda chinakam muvaffaqiyatli yil bo‘ldi. Bizning prognozlarimizga ko‘ra, 2017 yil yakunida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 250 million dollardan kam bo‘lmaydi. Bu hamkorligimiz tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichidir.

Biz vazirlik va idoralarimiz oldiga yaqin vaqt ichida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydik», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirgan prezident matbuot xizmati.

Ma'lumot uchun, 2016 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 167,5 million dollarni tashkil etgandi, 2017 yilning birinchi yarmidayoq ushbu ko‘rsatgich 146,7  million dollarga yetdi. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 60 foizlik o‘sishni ko‘rsatadi.

Mavzuga oid