O‘zbekiston | 11:00 / 15.12.2017
28091
2 daqiqa o‘qiladi

15=14. XVJ va Statistika qo‘mitasining O‘zbekistondagi inflyatsiya darajasiga bergan bahosi

Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida Davlat statistika qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi. Qizg‘in tarzda kechgan tadbirda o‘zbekistonliklarning mahalliy statistika ma'lumotlariga nima uchun ishonmasligiga ham oydinlik kiritildi. Bu xususda fikr bildirgan Iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev asosiy sabab inflyatsiya darajasini o‘lchash mexanizmlari xalqaro andozalarga mos emasligi va xalqqa raqamlar aniq, tushunarli yetkazilmayotganligida ekanini ta'kidladi. 

Mubin Mirzayev

“Bizning xalqimiz nima uchun statistika ma'lumotlariga ishonmaydi? Buning bir sababi qo‘mita ma'lumotlarni aniq, ravon tilda tushuntirolmayapti. Yana bir sabab. Bu inflyatsiya darajasidir. Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistondagi bu yilgi inflyatsiya darajasini 15 foiz deb baholagan bo‘lsa, biz shu raqamga yaqinlashtirdik, biroq u 14 foizni tashkil etmoqda. 

Chunki, mavsumiy omillarni XVJ o‘zgarmas vaznlarda hisoblaydi, bizda o‘zgaruvchan. Misol uchun, yozda meva-sabzavotlarni narxi tushganda hajmini ko‘taramiz, narxlar ko‘tarilganda vaznni tushiramiz. Shuning uchun biz inflyatsiya darajasini to‘g‘ri, aniq hisoblasak, xalqimizning statistikaga ishonchini oshirishimiz mumkin. Masalan, XVJ ma'lumoti bo‘yicha mevalar narxi 21 foizga oshgan, bizni hisob-kitob bo‘yicha narx tushgan. Sabzavotlar narxida ham shu holatni ko‘rish mumkin. XVJ 10 foizga oshganini uqdirmoqda, bizning uslub bo‘yicha 30-40 foiz tushganini ko‘rish mumkin.

Ayni shu holat, raqamlardagi nomutanosibliklar xalqning mahalliy statistika ma'lumotlariga ishonmasligiga olib kelmoqda. Buni bartaraf etish uchun statistik hisob-kitoblarni xalqaro andozalarga moslashtirish kerak bo‘ladi”, - dedi Mubin Mirzayev.

Mavzuga oid