Jahon | 19:42 / 15.12.2017
8182
2 daqiqa o‘qiladi

“Simpsonlar”da Disney va Fox studiyalarining birlashishi 20 yil avval “bashorat qilingan”

Foto: Twitter/ Darren Rovell?

AQShning “Simpsonlar” animatsion serialida Gollivudning ikkita yirik kinokompaniyasi – 20th Century Fox (hozirgi 21st Century Fox) va The Walt Disney Company’ning birlashishi 20 yil avval bashorat qilingani ma'lum bo‘ldi. Buning isbotini jurnalist Darren Rovell tvitterda joylashtirdi.

2017 yil 14 dekabrda bu ikki kinostudiya o‘rtasida haqiqatan ham bitim tuzildi. Unga ko‘ra Disney kompaniyasi 21st Century Fox’ni 52,4 mlrd dollarga sotib oldi.

Jurnalist o‘z xabarida multserial 10-mavsumining 5-seriyasini nazarda tutgan. Bu seriya “Sen yulduzlardan yuqoriroq bo‘lishni istaganingda” deb atalgan bo‘lib, 1998 yil noyabrda namoyish qilingan.

Multfilmda uning bosh qahramoni Gomerning aktyorlar Alek Bolduin va Kim Beysinger bilan uchrashuvi voqeasi so‘zlanadi. Multfilmdagi epizodlardan birida 20th Century Fox kinostudiyasining reklamasi ko‘rsatiladi. Kinostudiya reklamada Walt Disney’ning bir bo‘linmasi sifatida tasvirlanadi. 

Umuman olganda, bu multserialda shunday “bashoratlar”ni ko‘plab uchratish mumkin. Misol uchun, uning bir necha yil avvalgi qismida bir yil avvalgina AQSh prezidenti lavozimini egallagan Donald Tramp prezident sifatida ko‘rsatilgan. Yana bir shunday bashorat “Pokemon” o‘yini bilan bog‘liq.

Mavzuga oid