Jahon | 01:30 / 15.12.2017
16852
2 daqiqa o‘qiladi

Jarroh bemorlarning jigarlariga o‘z initsiallarini o‘yib tushirgani uchun sudlanmoqda

Foto: Depositphotos

Ingliz jarrohi Saymon Bremxoll sud oldida ikki bemorning ichki a'zolarida o‘z ismi-sharifining bosh harflarini o‘yib tushirganini tan oldi. Bu haqda The Telegraph nashri xabar bermoqda. 

Gap shifokor 2013 yilning fevral va avgustida amalga oshirgan, jigarlarni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalari haqida ketmoqda. U lazer nuri yordamida bemorlar jigarida SB harflarini o‘yib tushirgan.

Bremxoll unga qo‘yilgan “tan jarohatlari yetkazish” moddasi bo‘yicha emas, balki “hujum qilish” moddasi bo‘yicha aybini tan olgan.

Jarrohlar lazer nurini jigarda qon oqishini to‘xtatish hamda operatsiya qilinadigan joyni belgilashda qo‘llaydilar. Odatda lazer nurining izlari ma'lum vaqtdan keyin yo‘qolib ketadi.

Biroq Bremxoll operatsiya qilgan bemorlardan birida bu izlar saqlanib qolgan va boshqa shifokor o‘tkazgan qayta operatsiya vaqtida aniqlangan.

Prokuror Toni Bedenochning aytishicha, “bu noodatiy va murakkab ish” bo‘lib, jinoyat huquqida hali bunday ish bo‘lmagan.

Bremxoll Birmingemdagi qirolicha Yelizaveta shifoxonasida 12 yil ishlagan. 2014 yilda unga qarshi intizomiy tergov boshlangandan keyin iste'foga chiqqan. Bremxollning bemorlaridan biri shifokor uning hayotini saqlab qolganini aytib, uni ishiga qaytarishni so‘ragan.

Sobiq jarrohga hukm 12 yanvarda chiqarilishi kutilmoqda.

 

Mavzuga oid