Jahon | 12:50 / 17.12.2017
63393
6 daqiqa o‘qiladi

Fotolavha: Unutilgan rohingya musulmonlari

Shu yilning kuz mavsumi boshlarida rohingya musulmonlari deyarli barcha jahon OAVning diqqat markazida bo‘ldi. Myanmadan (aslida, bir necha asrlardan beri istiqomat qilayotgan vatanidan) quvilgan musulmonlar taqdiri, ularning ko‘rgiliklarini siyosatchilar, jamoat arboblari va shunchaki oddiy insonlar ham muhokama qildi. Media tashkilotlar fotoreportajlar e'lon qildi. BMT ularning quvilishini keskin qoralab chiqqan bo‘lsa, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Checheniston respublikasi rahbari Ramzon Qodirov musulmonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bayonotlar berdi. Rohingyalarni ta'qib qilishni qoralovchi mitinglar tashkil etildi. O‘zbekiston ham bir necha o‘n tonnalik gumanitar yordam qo‘lini cho‘zdi. 

Biroq asta-sekinlik bilan Myanma va qo‘shni Bangladeshda og‘ir ahvolda qolayotgan musulmonlar muammosi yoddan ko‘tarila boshladi. Yuqori minbarlardan ularni himoya qilishga qaratilgan bayonotlar tobora kamroq jaranglamoqda. Fotolavhalar jahon OAVda ko‘p ham e'lon qilinayotgani yo‘q. Rohingya musulmonlari taqdiriga ba'zi mamlakatlar, xayriya va notijorat tashkilotlari qayg‘urmoqda, xolos. Ammo ularning sa'y-harakatlari yetarli emas.

Rohingya Myanma va Bangladesh chegarasini kesib o‘tib, lagerga joylashtirilishini kutmoqda. Myanma uchun rohingya Bangladeshdan kelgan noqonuniy ko‘chmanchi, mahalliy aholiga qo‘rquv solayotganlardir. 

Bangladeshga qayiqlarda yetib kelindi. Myanmada ko‘plab boshqa musulmon jamoalar istiqomat qilishadi. Ular hatto rohingyalar yashaydigan Rokhayn shtatida ham bor. Ammo ular butparastlikka e'tiqod qiluvchilar bilan yaxshi bordi-keldi munosabatida. 

To‘yib ovqatlanmaslik va diareyadan aziyat chekayotgan rohingya ayoli. Jahon hamjamiyati esa, barcha rohingyalarni zolim myanmaliklar zulmidan qochayotgan qochqinlar, deb hisoblamoqda.

Rohingya bolalari bepul ovqat uchun navbatda. Bangladeshga 600 mingdan ortiq kishi qochib o‘tgan. Vaqtinchalik lagerlarda 1 millionga yaqin musulmon kun kechirmoqda. Ularning aksariyati avgust oyidagi vaziyat keskinlashguncha ham shu yerda yashab kelgan.

Bangladeshdagi «Kutupalong» rohingya qochqinlari lageri. Avgustda rohingya jangarilari hukumat qo‘shinlariga hujum qilgan, ularning maqsadi jahon hamjamiyatining e'tiborini o‘z muammolariga qaratish edi. Harbiylar esa, qishloqlarni ommaviy tozalash bilan javob qaytardi.

Gumanitar yordam mashinasi yonidagi olomon. «Chegara bilmas shifokorlar» ma'lumotlariga ko‘ra, etnik tozalashlarning birinchi oyida 6,7 ming musulmon o‘ldirilgan. BMT Myanma hukumati amaliyotini aynan etnik tozalash deb baholamoqda.

 Rohingya ayollar va bolalari qochqinlar lagerlariga borish yo‘lida. 7 mingga yaqin qurbonlarning 69 foizi otib o‘ldirilgan, boshqalari tiriklayin yondirilgan yoki urib o‘ldirilgan. Askarlar, rohingya musulmonlarining guvohliklariga ko‘ra, ayollar va bolalarni zo‘rlamoqda, tinch aholi vakillarini vahshiyona o‘ldirmoqda.

Bangladesh chegarachilari yangi qochqinlarni ro‘yxatga olmoqda. «Myanmadan qochayotgan odamlar — chegarani kesib o‘tishga ulgurganlar, so‘nggi haftada zo‘ravonliklar davom etayotganini xabar qilmoqda», — degan «Chegara bilmas shifokorlar» doktori Sidni Vong.

Diareya va to‘yib ovqatlanmasdan aziyat chekayotgan bolalar har doim ham tibbiy yordam olishmaydi. Lagerlarda mitti shaharchalar paydo bo‘lmoqda: mahalliy savdogarlar oziq-ovqat mahsulotlari savdosini tashkil etish uchun kelishadi.

 Myanmadan kechib o‘tish. Rohingyalarning eng uddaburonlari ham biznes bilan shug‘ullanishadi. Ular dastlabki sarmoyani xorijdagi qarindoshlaridan olishadi yoki uylaridan olib kelgan qimmatli buyumlarini sotishadi.

Muhammad Yunusga qarindoshlari yordam bermoqda — bir necha kun taom yemagan rohingyaga tibbiy yordam ko‘rsatish zarur. Ayrim mamlakatlar hukumatlari va jabrdiydalarga qayg‘urayotgan NNTlarga qaramay, qochqinlar lagerlarida epidemiya va ochlik o‘z hukmini o‘tkazmoqda.

Qochqinlar bepul taom tarqatilishini kutmoqda. Og‘ir vaziyat tufayli ko‘plab rohingyalar shaharlarda har qanday ishni bajarishga rozilik bildirishadi.

Ayollar yordam tarqatish punktiga hujum qilib, bir qop guruchga talashmoqda. Ayniqsa bolali ayollar qiynaladi: ularning aksariyati umrida biror marta bo‘lsin shifokorga murojaat qilishmagan. Ularning mavjud kasalliklariga tor lagerlardagi qiyinchiliklar ortiqchalik qilmoqda.

Rohingyalar lager yo‘lida. Jahon hamjamiyati umuman olganda muammoga jiddiy e'tibor bermayapti. MedGlobal NNTning rohingyalarga ko‘mak bergan shifokorining so‘zlariga ko‘ra, do‘stlari uning hikoyalaridan so‘ng, rohingyalar haqida ma'lumotga ega bo‘lishgan. 

Myanmadan birga olib ketish mumkin bo‘lgan barcha narsani olishadi. Ular isitish va kanalizatsiya tizimi bo‘lmagan lagerlarda qolib ketish istagida. Vatanlarida ta'qibdan va dunyo mamlakatlarining befarqligidan aziyat chekayotgan rohingyalar o‘lim bilan kurashishda davom etadigan ko‘rinadi. 

Qochqinlar lagerida tun. 

 

Foto: Kevin Frayer / Getty Images

Mavzuga oid