Jahon | 23:20 / 18.12.2017
17030
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Xavfsizlik Kengashining Al-Quds bo‘yicha qarorni bekor qilish haqidagi rezolyutsiyasiga AQSh to‘siq qo‘ydi

Foto: RIA "Novosti"

AQSh BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qabul qilinishi kerak bo‘lgan Al-Quds statusining o‘zgartirilishini tan olmaslik va bu qarorni bekor qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyaga to‘siq qo‘ydi. Misr tomonidan tarqatilgan rezolyutsiya loyihasi bo‘yicha ovoz berish jarayoni Nyu-Yorkda dushanba kuni bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.

Hujjatni qo‘llab 14 ta ovoz berilgan. AQSh Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zosi sifatida veto huquqidan foydalandi.

Rezolyutsiya loyihasi Al-Qudsning «xarakteri, statusi va demografik tarkibini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi har qanday qarorlar va harakatlar yuridik kuchga ega emasligi, haqiqiy hisoblanmasligi va bekor qilinishi lozimligi»ni bayon etayotgan edi.

Dekabr oyining boshida AQSh prezidenti Donald Tramp Al-Qudsni Isroilning poytaxti deb tan olishi haqida e'lon qilib, Amerika elchixonasini Tel-Avivdan shu shaharga ko‘chirish haqidagi hujjatga imzo qo‘ydi. Amerika rahbarining qarori Isroilda shodonlik bilan kutib olindi va jahonning ko‘plab davlatlari, birinchi navbatda Yaqin Sharq davlatlari va Falastinda norozilik keltirib chiqardi.

Mavzuga oid