Jamiyat | 23:10 / 20.12.2017
35604
3 daqiqa o‘qiladi

Oila kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi kutilmoqda

Xotin-qizlar qo‘mitasi huquqiy-me'yoriy hujjatlarni takomillashtirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish maqsadida Oila kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Oliy Majlis palatasiga kiritdi. Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari G. Ma'rufova KUN.UZ muxbiriga bergan intervyusida shu haqida ma'lum qildi. 

"Ajrim bo‘yicha sudga ariza berilganda sud uch kun ichida mahalla fuqarolar yig‘iniga shu haqida ma'lumot berishi kerak, chunki u yerda yarashtiruv komissiyasi bor, kengashlarimiz bor. Demak, o‘sha oilani saqlab qolish, xabardorlikni oshirish uchun shunday qilinishi kerak - ana shu masala kiritilyapti. 

Yana bir yangilik aliment undirish bo‘yicha ilgari jinoiy javobgarlik bor edi, hozir esa ma'muriy javobgarlik ham kiritilyapti. Bu yerda bola huquqlari inobatga olinyapti va nafaqat jinoiy javobgarlik, balki fuqarolik ishi bo‘yicha javobgarlikka tortilyapti. 

Har bir tuman miqyosida og‘ir sharoitda yashayotgan, nochor, nogironligi bor, muddatni o‘tab kelgan - shunday toifadagi ayollar bilan alohida manzilli ishlanmoqda. Bunday ayollarning ro‘yxati tuzilib, birinchi navbatda, ularni ish bilan ta'minlash choralari ko‘riladi. Ana shunday manzilli ish bilan ta'minlash dasturlari butun respublikada har bir tumanda sektorlar miqyosida bo‘lmoqda. 

Shunga doir takliflar Oliy Majlisga kiritildi va hozir ekspertizadan o‘tmoqda. 2018 yildan boshlab bularning joriy etilishi kutilmoqda. Ayni o‘sha nochor qatlamlar, qiynalayotgan ayollarni e'tiborga olyapmiz. 

Shuningdek, ayollar orasida huquqiy bilimlarni oshirish masalasiga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Shu huquqiy savodxonligi yo‘qligi tufayli ham bular noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketmoqda. Ko‘p jinoyatlarni tahlil qilganda, ko‘riladiki, ayollar orasida firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlari juda ko‘p bo‘lyapti. Bu ayollarning huquqni bilmasligi, iqtisodiy bilimlari pastligi natijasidir. 

Birinchi marta jinoyat sodir etganlar kafillik ostida (masalan, Xotin-qizlar qo‘mitasi yoki Yoshlar ittifoqi kafilligi ostida) doimiy tarzda biriktirilgan tashkilotlar nazorati ostiga olinadi va bu jinoyatchilikning oldini olishda katta rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, ayollarga ham yengillik yaratadi", - deydi qo‘mita vakili. 

Mavzuga oid