Yuliy Yusupov: Markaziy Osiyo davlatlarining alohida iqtisodiy ittifoqi tuzilishi ehtimoldan uzoq
2017 yil O‘zbekiston uchun siyosiy va iqtisodiy islohotlar boshlanishi yili bo‘ldi. Qo‘shni — Markaziy Osiyo — davlatlari respublikaning tashqi siyosatida bosh ustuvorlikka aylandi.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev va soha vazirlarining mintaqa davlatlari rahbarlari bilan ko‘plab uchrashuvlari bundan guvohlik berib turibdi. Bu muloqotlarning bosh mavzusi — barcha sohalarda, avvalo, iqtisodiy sohadagi hamkorlikdir. O‘zbekistonlik taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov «Ochiq osiyo onlayn»ga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari uchun bunday integratsiya nega bu qadar muhimligi haqida hikoya qilib berdi.
— Mana, bir yildan ortiq vaqt o‘tdiki, O‘zbekiston hukumati Markaziy Osiyo mintaqasida faol integratsiya siyosatini yuritib kelmoqda. Respublika uchun bu nega muhim?
— O‘z chiqishlarimda O‘zbekiston uchun ham, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari uchun ham mintaqaviy integratsiya juda foydali va zarur ekanligini bot-bot ta'kidlab kelaman. Qisqacha qilib aytadigan bo‘lsam, bularga quyidagi dalillarim bor.
1. Mintaqaviy integratsiya Markaziy Osiyo davlatlariga mintaqalararo mehnat taqsimotidan qo‘shimcha daromad olish imkonini beradi.
Har qanday davlat o‘zi nisbiy sarf-xarajatlar bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lgan tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarishga ixtisoslashishdan foyda ko‘radi. Ishlab chiqarishda o‘zi ixtisoslashgan mahsulotni eksport qilar ekan, mamlakat o‘zi ishlab chiqarishi befoyda bo‘lgan tovarlarni xarid qiladi. Buning natijasi o‘laroq, iste'mol imkoniyatlari kengayadi, aholining turmush darajasi oshadi.
Mintaqa mamlakatlarida xalqaro mehnat taqsimoti va kooperatsiya ustunliklaridan foydalanishga asoslangan o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlik uchun ulkan zaxiralar mavjud. Ishlab chiqaruvchi korxonalarning aksariyatida bosh muammo — miqyos ketidan iqtisod qilinishiga izn bermaydigan tor o‘tkazish bozoridir. Bozorning cheklanganligi sifati ko‘ngildagidek bo‘lmagan va kuchsiz tovar chizig‘iga ega bo‘lgan kichik-kichik yarim qo‘lbola ishlab chiqarishni yaratadi. Mintaqaviy integratsiya esa mahsulotlarni o‘tkazish bozorini juz'iy tarzda kengaytirib, raqobatbardosh ishlab chiqarish korxonalarining o‘sishiga zamin yaratadi.
Bundan tashqari, klaster formatda turli davlat korxonalarining kooperatsiyalashuvi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Savdo to‘siqlarining olib tashlanishi mintaqamizda xalqaro klasterlar yaratilishiga izn beradi. Klasterlar nafaqat ishlab chiqarish sektorida, aytaylik, turizm sohasida, xalqaro transport yo‘laklari yaratish va xalqaro transport infratuzilmasi barpo etish, eksport mahsulotlarini uzoq bozorlarga hamkorlikda olib chiqishda ham yaratilishi mumkin.
2. Integratsiya davlatlarimizni xorijiy investorlar uchun yanada jozibador qilib ko‘rsatadi.
Barcha davlatlar xorijiy investorlar uchun o‘zaro raqobatda, ularni esa birinchi navbatda yaxshi ishbilarmonlik muhiti va ishlab chiqarilgan mahsulot o‘tkaziladigan bozorning hajmi qiziqtiradi. Bozor qanchalik katta bo‘lsa, investorlarning qiziqishi ham shunchalik katta bo‘ladi. Markaziy Osiyo iqtisodiyotlarining har biri unchalik katta emas yoki juda kichik hisoblanadi. Lekin Markaziy Osiyoning besh davlatida yashovchi 70 million aholi va 300 mlrd. dollarlik YaIM majmui jozibadorlik kasb etadi. Lekin investorlarga jozibali ko‘rinish uchun mintaqa davlatlari yagona iqtisodiy makondan iborat bo‘lmog‘i lozim.
3. Integratsiya raqobatni kuchaytiradi, demak — mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirishga zamin yaraladi.
Mintaqa davlatlarining ko‘plab bozorlari o‘ta monopollashgan. Bunga sabab hukumatlar tomonidan tashqi savdo yo‘liga qo‘yilgan to‘siqlar, «milliy ishlab chiqaruvchilar»ni himoyalash uchun berilgan turli imtiyozlardir. Bundan tashqari, barcha davlatlar iqtisodiyotida tabiiy monopoliyalar va davlat korporatsiyalarining roli katta. Mintaqaning tijorat korxonalari ko‘pincha kuchli raqobatga duchor bo‘lmasdan, sun'iy qulay sharoitlarda faoliyat ko‘rsatadi. Natijada esa past samaradorlik hamda tashqi va ichki bozorlarda raqobatga dosh berolmaslik yuzaga keladi.
Mintaqaviy savdo-sotiqning rivojlanishi, investitsion va mehnat resurslarining davlatdan davlatga oqib o‘tishi, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikning boshqa shakllari milliy iqtisodiyotlar o‘rtasida raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qiladi va bu bilan iqtisodiy rivojlanishga qo‘shimcha turtki beriladi.
— Bu integratsion jarayonda sizningcha O‘zbekistonga qanday rol berilishi kerak?
— Zamonaviy iqtisodiyotda yuzlab, hattoki minglab sohalar va sohachalar o‘n, yuz millionlab nomdagi tovar va xizmatlar, jumladan, xomashyo, butlovchi qismlar, asbob-uskunalar, tayyor mahsulot va shu kabilarni ishlab chiqaradi. Bunday xilma-xillikka ega ishlab chiqaruvchilarimiz iqtisodiyotning istalgan sektorida o‘z o‘rnini topa oladi. Asosiysi — o‘z iste'molchilarini topish yoki qo‘shimcha qiymat yaratishning xalqaro zanjiriga qo‘shilish (masalan, materialning qandaydir turi yoki qandaydir detalni ishlab chiqarib). Shu sababli, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar aynan qayerda o‘zligini topishini oldindan aytib bo‘lmaydi.
Faqatgina ayrim jihatlarga ko‘ra (sof xomashyo sohalarini hisobga olmaganda) qo‘yidagi sektorlar va iqtisodiyot sohalarida ularda bir qadar ustunlik borligini taxmin qilish mumkin:
- tekstil sanoati (o‘zining xomashyosi — paxta, jun, ipak bor);
- meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash (sug‘oriladigan yer maydonlari va qulay iqlim mavjud), faqat shugina emas;
- kimyo sanoati va qurilish materiallarini ishlab chiqarish (yer qa'rida «Mendleyev jadvali»ning deyarli barcha elementlari mavjud);
- ishlab chiqarish quvvatlari yaratilgan va ma'lum bir tajriba to‘plashga ulgurilgan sanoat mahsulotlarining ko‘plab turlarini ishlab chiqarish (salqin ichimliklar, ko‘plab oziq-ovqat mahsulotlari va ularning xomashyolari, mebel, poyabzal, quti va o‘ramlar, tibbiy buyumlar, sigaretlar, maishiy texnika va boshqalar.);
- xizmatlar (turizm, logistika, transport, konsalting).
— MO davlatlarining ayrimlari — Qozog‘iston va Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a'zolari sanalishadi, boshqalar esa yo‘q. Bu fakt mintaqaviy iqtisodiy integratsiya g‘oyasi bilan qanchalik uyg‘un?
— Bir tomondan mintaqa davlatlarining YeOIIda ishtiroki (Qozog‘iston, Qirg‘iziston) yoki ittifoq tomon harakat (Tojikiston) bu davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik uchun to‘siqlarni bartaraf etishga, mintaqaning boshqa davlatlariga esa to‘siqlarni qanday qilib yo‘q qilish uchun yo‘nalish bo‘lib xizmat qiladi.
Biroq, boshqa tarafdan, bu hol ittifoqqa a'zo bo‘lmagan davlatlar, jumladan, O‘zbekiston bilan ham muzokara jarayonlarini bir muncha murakkablashtiradi. Chunki, ittifoqqa a'zo bo‘lgan davlatlar o‘zining tashqi iqtisodiy siyosatiga erkin bo‘la olmaydi.
Lekin, o‘ylashimcha, bu mintaqaviy iqtisodiy integratsiya jarayoni uchun yengib bo‘lmas to‘siq emas. Istak tug‘ilsa doimo kelishish va mintaqa ichida yagona iqtisodiy makon hosil qilib, davlatlarimiz o‘rtasidagi to‘siqlarni olib tashlash mumkin.
— Nazaringizda, Markaziy Osiyoda qaysi to‘siq va cheklovlar kelgusida integratsiyalashuv uchun xalaqit beradi?
— Bu, birinchi navbatda, erkin savdo yo‘lidagi turli tarifli va notarif (texnik) to‘siqlar bo‘ladi. Xususan, hanuzgacha chetdan kirayotgan, jumladan Markaziy Osiyo davlatlaridan kirayotgan tovarlarga ham import aksizlari qo‘laydi.
Aytaylik, davlat xaridlari mobaynida hukumatlar tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ajratilayotgan imtiyozlar raqobat muhitini yemiradi va qo‘shni davlat korxonalarini tengsiz sharoitlarga duchor qiladi.
Insonlarning erkin harakatlanishiga viza rejimi xalaqit beradi (masalan, O‘zbekiston Tojikiston va Turkmaniston bilan viza rejimiga ega), xorijliklarni qayddan o‘tkazishning murakkablashtirilgan qoidalari (Bu Qirg‘izistondan tashqari mintaqaning barcha davlatlari uchun xarakterli).
— Istiqbolda u yoki bu shaklda mintaqaviy iqtisodiy ittifoq tuzilishi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
— Mintaqaviy integratsiyani rivojlantirish uchun bunday ittifoq tuzish majburiy shart hisoblanmaydi. Uni ikkitomonlama yoki ko‘ptomonlama muzokaralar va bitimlar asosida rivojlantirish ham mumkin. O‘rta muddatli istiqbolda YeOII singari ittifoq tuzilishi ehtimoli juda past.
Mavzuga oid
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
16:51 / 12.12.2024
Amerikalik tahlilchilar Trampga Markaziy Osiyoni e’tiborsiz qoldirmaslikni taklif qildi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
16:43 / 07.12.2024