Jahon | 00:05 / 23.12.2017
186776
4 daqiqa o‘qiladi

G‘ofur Rahimov ham qora ro‘yxatda - AQSh sobiq SSSRdan yana o‘nta kriminal avtoritetni qora ro‘yxatga qo‘shdi

Foto: sueddeutsche.com

AQSh sobiq ittifoq respublikalari, asosan, rossiyalik yana 10 nafar kriminal avtoritet nomlarini qora ro‘yxatga qo‘shdi. Bu haqda juma kuni AQSh moliya vazirligi xabar bergan, deb yozadi TASS.

«Magnitskiy ro‘yxati» deb ataluvchi amerikaliklarning sanksiyalari ostida Yuriy Pichugin, Ruben Tatulyan, Olimjon To‘xtaoxunov, Vladimir Tyurin, Zaxariy Kalashov, Vasiliy Xristoforov, Qamchibek Kolbayev, Lasha Shushanashvili, Vladislav Leontev, G‘ofur Rahimov kiritilgan. Bundan tashqari, AQShning cheklovchi choralari Tatulyanga tegishli bo‘lgan yoki u tomonidan nazorat qilinuvchi Sochidagi «Vesna» mehmonxonasi, shuningdek, Moskvada ro‘yxatga olingan «Novyy Vek Media» MChJga ham qo‘llaniladi.

So‘nggi tilga olingan korxona «Yevroosiyo jinoiy sindikati» deb tan olingan va «butun dunyo bo‘ylab» turli jinoiy harakatlarga daxldor sanaladi, degan AQSh moliya vazirligining xorijiy aktivlar ustidan nazorat bo‘limi direktori Jon Smit. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh moliya vazirligi Vashington ittifoqchilari va «AQShga tahdid solishi mumkin bo‘lgan transmilliy jinoiy tashkilotlar moliyaviy infrastrukturasini vayron qilishga yo‘naltirilgan yanada kengroq strategiya» doirasida ushbu ishga qo‘l urgan.

«Moliya vazirligi «qonundagi o‘g‘rilar»ni «sobiq sovet ittifoqi, Yevropa va Qo‘shma shtatlarga tarqalib ketgan keng qamrovli jinoiy tashkilot» deb xarakterlaydi. Ular jumladan, «pul mablag‘larini yuvish, tovlamachilik, pora berib og‘dirish, bosqinchilik bilan shug‘ullanadi», deyiladi moliya vazirligi hisobotida. Chunonchi, AQSh hududida «qonundagi o‘g‘rilar» tomonidan yo‘naltiriluvchi jinoiy xatti-harakatlarga Amerika huquq-tartibot organlari tomonidan katta diqqat-eʼtibor qaratiladi. «Birgina joriy yilning o‘zida AQShning vakolatli organlari yigirmadan oshiq kishiga, jumladan, «qonundagi o‘g‘rilar»ga zo‘ravonlik ishlatilgan jinoyatlar, firibgarlik, ..., o‘g‘irlangan tovarlarni ayriboshlash uchun ayblov e'lon qilgan», deb yozadi moliya vazirligi.

Olimjon To‘xtaoxunov
Foto: Mixail Japaridze/TASS

Vashingtonning yangi qarorlari amalda Amerika fuqarolariga qora ro‘yxatga tushgan insonlar bilan umuman aloqa qilmaslik kerakligini anglatib, agar ro‘yxatdagilarning AQSh yurisdiksiyasidagi mulklari aniqlansa, ular hibsga olinishini bildiradi.

Moliya vazirligi o‘zining qora ro‘yxatidan ruslarning «Bratskiy krug» («Bratva») guruhini chiqargan. U va unga aloqador insonlar va kompaniyalar 2012 yilning fevralida ro‘yxatga qo‘shilgan edi.

Ro‘yxatda nomlari qayd etilgan Olimjon To‘xtaoxunov hamda G‘ofur Rahimov asli o‘zbekistonlik bo‘lib, ayni paytda xorijda faoliyat yuritadi. To‘xtaoxunov xorijiy nashrlarda «Tayvanchi»​, shuningdek, «Alik» nomlari bilan tanilgan. Bolali​gi Toshkent shahrida o‘tgan Olimjon To‘xtaoxunov Sovet Ittifoqi parchalangach, Rossiyaga ko‘chib ketgandi.

G‘ofur Rahimov ham o‘zbekistonlik tadbirkor bo‘lib, ayni paytda Osiyo boks assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritadi. AIBA rasmiy saytida qayd etilishicha, uning nomzodi Rossiya Federatsiyasi tomonidan ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSh moliya vazirligi kecha O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani ham mazkur ro‘yxatga kiritgan edi. AQSh Moliya vazirligi saytida yozilishicha, «Gulnora Karimova biznes faoliyatini rivojlantirish uchun davlat mulkini talon-toroj qilish, kuchli uyushgan jinoiy guruhni boshqarish, bozor monopoliyasini yaratish, poraxo‘rlik va bosqinchilikda» ayblangan.

Mavzuga oid