Jamiyat | 18:22 / 26.12.2017
74202
4 daqiqa o‘qiladi

Guliston tumanida ikki xil holat: biri issiq, biri sovuq

KUN.UZ tahririyati muxbirlari shu yilning 22 dekabrida Sirdaryo viloyatiga mehnat safarini amalga oshirdi. Ular sayt o‘quvchilaridan tushgan ayrim murojaatlarni o‘rganishdan tashqari viloyatning Guliston tumanida ham bo‘lib, Dehqonobod shaharchasi markazidagi 14-o‘rta va 11-maktabgacha ta'lim muassasasiga tashrif buyurishdi hamda u yerdagi qishga tayyorgarlik, o‘quv jarayoni bilan qiziqdi. 

14-sonli umumta'lim maktabiga borganimizda sinfxonalar sovuqligiga, o‘quvchilar hamda o‘qituvchilar palto va kurtkalarini kiygan holda dars o‘tayotganiga guvoh bo‘ldik. 

Maktabning ma'naviy va ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Farhod Haqnazarovning so‘zlariga ko‘ra, maktab aslida shu yil kapital ta'mirdan chiqqan. Ammo...ta'mirlash ishlarini olib borish chog‘idagi xatolar tufayli maktabdagi isitish tizimi umuman ishlamaydi. Bunga sabab esa, issiq suv aylanish tizimini loyihalashning noto‘g‘ri amalga oshirilgani va uni qurishda xatolar tuzatilmaganidir. 

Bundan tashqari, maktab atrofiga barpo qilingan 4 ta isitish qozoni markaziy gaz tarmog‘iga ulanmagani, ulash uchun quvurlar ajratilmagani ham sinfxonalar va umuman maktabning isitilmasligiga sababdir. Maktab ta'miriga mas'ul tuman mutasaddilarining loqaydligi evaziga bir necha yuzlab o‘quvchilar qish sovug‘ida zax tortgan xonalarda ta'lim olishga majbur bo‘lishmoqda. Guliston tuman hokimligining yoshlar siyosati bo‘yicha bosh mutaxassisi Dilshod Xudoyberdiyevga ko‘ra, quvurlar uchun byudjyetdan pul ajratilgan, ammo uning hisobga kelib tushishi qiyinlashmoqda. Shu sababli gaz tarmog‘iga ulash uchun yetarli quvurlarni keltirish imkoni bo‘lmayapti. Nima uchun, kapital ta'mirlash chog‘ida shu narsaga e'tibor qaratilmagani haqida so‘raganimizda, jo‘yali javob olmadik.

Ajablanarlisi, maktabdan 150 metrlar uzoqlikdagi 11-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida o‘rta maktabdagi holatning tamoman aksiga duch keldik. Uning barcha xonalari, garchi binoning markaziy isitish tizimi ishlamasa-da, issiq. Biz borganimizda bolalar issiq xonalarda dam olayotgan edi. Maktab direktori Feruza Abdug‘ofurovaning so‘zlariga ko‘ra, 240 o‘rinli maktabgacha ta'lim muassasasi tumanning eng yirik shunday muassasasidir. Xonalarning barchasida pechkalar o‘rnatilgan. Ular vositasida xonalar haroratining issiqligi ta'minlangan. 

Shu o‘rinda, qayd etish o‘rinliki, muxbirlar vaqt tig‘izligi sababli tumanning chekka hududlariga borishga imkon topa olmadi. Ammo keyingi safarlarimizda bu masalani joylarda chuqur o‘rganishni rejalashtirmoqdamiz. O‘ylaymizki, nafaqat Guliston tumani, balki Sirdaryo viloyatidagi isitilmaydigan maktablar mavjud bo‘lsa, ularning o‘quvchilari uchinchi chorakda issiq xonalarda ta'lim olishadi. 

Bundan tashqari, Dehqonobod shaharchasining “Ahillik” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan uchrashib, qish mavsumi qanday o‘tayotganiga qiziqdik. Ularning aytishicha, quvurlar orqali gaz kelmayotganiga bir necha yillar (chamasi 2008 yillardan beri yo‘q, deyishdi ayrimlar) bo‘lgan. Ammo, biz ulardan ko‘mir ta'minoti xususida so‘raganimizda, aksariyati ko‘mir yo‘qligini, sotilayotgani yoki yo‘qligini bilmasliklarini ta'kidlashdi. 

Elektr ta'minoti borasida ham uzluksizlik mavjud emas. Odamlar elektr energiyasi tez-tez o‘chishini, mahalla o‘rtasidagi transformator bir necha marta ishdan chiqqanini aytishdi. Guliston tumani mutasaddilari endigina boshlangan qish mavsumini talofatsiz o‘tkazib olish borasida barcha choralarni ko‘rishiga umid bildirib qolamiz.  

Youtube'da ko‘rish

 Mover.uz'da ko‘rish

KUN.UZ muxbiri Tolib Rahmatov

operator Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid