Jamiyat | 23:50 / 04.01.2018
231976
3 daqiqa o‘qiladi

Arzon uylardan birini olish uchun nima qilish kerak?

Foto: Fotolia

Ayni paytda O‘zbekistonning turli shaharlarida arzon uy-joylar qurilishi jadal tarzda davom etmoqda. Tabiiyki, aholida bunday uy-joyni kimlar olishi, arizani kimga topshirish kerakligi to‘g‘risida savol paydo bo‘ladi. 

Adliya vazirligi tarqatgan xabarda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 yanvardagi 14-son qaroriga asosan shaharlarda qurilayotgan 5, 7 va 9 qavatli arzon ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni jismoniy shaxslarga biriktirish tuman hokimliklarida tuzilgan hududiy komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Ko‘p kvartirali uylardan kvartira sotib olish uchun turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxs hududiy komissiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

-ariza;

-qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilarning) moliyaviy holatini tasdiqlaydigan hujjatlar;

Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxsning quyida ko‘rsatilgan mezonlardan biriga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjatlar:

-o‘z uy-joyining yo‘qligi yoki eskirgan uylarda yashash;

-bir uyda (bir kvartirada) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashash;

-ko‘p bolali oila;

-ona (ota)ning to‘liq bo‘lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalashi; 

-ariza beruvchining oila a'zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslarning mavjudligi;

-oila tarkibida birinchi guruh nogironi mavjudligi;

-turar joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan turar joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi.

-tayanch doktoranturaning 2-kursidan boshlab, oliy ta'limdan keyingi ta'lim institutida tahsil olayotgan doktorantlar.

Hududiy komissiya har yili:

-joriy yil Dasturi doirasida qurilayotgan ko‘p kvartirali uylardagi barcha kvartiralarni biriktirishni 1 fevralgacha bo‘lgan muddatda tugallaydi;

-bo‘lajak yilda quriladigan ko‘p kvartirali uydagi barcha kvartiralarga potensial qarz oluvchilarning to‘liq ro‘yxatini 

1 aprelgacha bankka taqdim etadi.

Jismoniy shaxs dastlabki badal mablag‘larini unga kvartira biriktirilgandan keyin 60 kalendar kundan kechikmay 20406-son alohida jamg‘arma depozit hisob raqamiga to‘lashi shart.

Kvartira qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal to‘lanmagan taqdirda hududiy komissiyaning kvartirani jismoniy shaxsga biriktirish haqidagi protokol qarori o‘z kuchini yo‘qotadi.​

Mavzuga oid