O‘zbekiston | 16:40 / 07.01.2018
86466
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Qur'oni karim chop etilayotgan nashriyotdan videoreportaj

Kuni kecha «Hilol nashr» nashriyoti bosmaxonasida Qur'oni Karimni chop qilish ishlari boshlangani haqida xabar berilgan edi. KUN.UZ mazkur xayrli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida «Hilol nashr» nashriyotida bo‘ldi, u  yerdagi adabiyotlarning nashr etilishi bilan birga Qur'oni Karim Usmon mushafining chop etilish jarayoni bilan tanishdi. 

"Islom ota" jome' masjidi imom noibi, O‘zbekiston Qur'on musobaqasi hay'at raisining o‘rinbosari Hasanxon Yahyo Abdulmajid bu haqida shunday deydi: "Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolar bo‘lsinki, bugun yurtimizda juda quvonchli kunlar, tarixiy hodisalarning guvohi bo‘lib turibmiz - O‘zbekistonda Qur'oni Karim nashr etilmoqda. Qur'oni Karim yurtimizda qanday tarqalgani, bu kitobga xalqimiz, ajdodlarimiz qanday munosabatda bo‘lganini ko‘z oldimizga keltirish uchun biz kitob tarixiga qisqacha nazar tashlashimiz lozim. Mushab - bu Qur'oni Karim kitobi, odatda Qur'oni Karim deya uzun qilib aytamiz, lekin qisqa qilib aytganda - mushaf. Mushaf arab tilida bir necha sahifaning bir mujalladga jamlangan holatini anglatadi va bu asosan Qur'oni Karim kitobiga nisbatan ishlatiladi. Odatda Qur'on sahifalarga yozilib, keyin tikilgani uchun bu kitob mushaf deb atalgan. Bugungi kunda ham gapni qisqa qilmoqchi bo‘lganimizda "mushafi sharif" desak, har tomonlama qulay bo‘ladi. 

Mushaf tarixi yurtimizda juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Bunga dalil - bugungi kunda yurtimizda Mo‘yi muborak muzeyida saqlanayotgan Mushafi Usmon kitobi hisoblanadi. Bu kitobning yurtimizga kelishi borasida turli fikrlar mavjud. Eng ehtimolga yaqini - Amir Temur hazratlarining olib kelgani haqidagi ma'lumotlar bo‘lsa, yana biri - hazrati Usmon raziyallohu anhuning o‘g‘illari bilan birga bu mushaf bizning yurtimizga kirib kelganiga doir ma'lumotlar. 

Bugungi kunda bu mushafga davlat miqyosida alohida ehtimrom mavjud, bu xalqimizning Qur'oni kitobiga bo‘lgan yuksak ehtirom namunasidir. Mushaf avvallari yurtimizda boshqa musulmon o‘lkalar qatori qo‘lyozma shaklida tarqalgan, lekin o‘tgan asrda islom olamining ko‘p joylarida, ayniqsa musulmon mamlakatlarida mushaf borasida ancha yaxshi ishlar amalga oshirilgan - Hindiston, Turkiya, Misrda mushaf nashr qilingan, lekin O‘zbekistonda muayyan sabablarga ko‘ra mushaf nashri bo‘lmagan. 

Eng mashhur mushaflardan biri Abdurahmoniy mushaf, Abdumalik mushaf deb atalgan, ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, ular Hindistondan olib kelingan va bizning yurtimizda sahhoflar tomonidan tikib tarqatilgan. Mushaf nashri esa mustaqillikning ilk yillarida amalga oshirildi desak, xato bo‘lmaydi. Undan oldin xalq uchun mushaf nashri bo‘lmagandi.

Mustaqillikning ilk yillarida ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rahmatullohi alayhi)ning tashabbuslari bilan, "Movarounnahr" nashriyotida Abdurahmoniy mushaf nashrdan chiqdi - avval 30 ming nusxada, keyin 50 ming nusxada. Biroq shundan keyin bu borada yangi qadam tashlanmay, to‘xtab qolindi. 

Bugunga kelib muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari, u kishining dinimiz, xalqimiz ehtiyojiga bo‘lgan e'tiborlarining natijasi o‘laroq, mushaf nashri avvalgidan tubdan farq qiladigan yuqori ilmiy saviyada, jahon andozalariga javob beradigan, mushaf nashri borasida ulamolar qo‘ygan talablarga to‘la muvofiq ravishda "Hilol nashr" nashriyotida amalga oshirilmoqda. Bu mushaf Misr Arab Respublikasidagi "Dor-us-salom" nashriyoti bilan shartnoma asosida, O‘zbekiston diniy idorasi bilan hamkorlikda nashr etilmoqda.

Ta'kidlash lozimki, bu mushaf nashri ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rahmatullohi alayhi)ning eng oliy orzularidan biri edi. U kishi hayotlik chog‘larida Qur'onga alohida e'tibor bergan va muhabbat qo‘ygandilar. Muftiylik lavozimida ishlagan kezlarining dastlabki kunlaridayoq O‘zbekiston xalqiga Madinai Munavvaradan 1 million dona mushaf olib keltirganlar. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lmagan, oson kechmagan, kamiga turli ta'nalar bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, hazrat xizmatdan to‘xtamasdan, xalqimizni mana shu mushaf, Qur'oni Karim bilan ta'minlash payida bo‘lganlar. Undan keyin hazrat "Tafsiri Hilol"ni yozdilar. Bu ham Qur'onga bo‘lgan muhabbatlari natijasidir.

Bugun yurtimizda nashr etilayotgan mushaf nashrini alohida bir to‘y desak bo‘ladi. Hazrat mushaf nashriga ruxsat olish uchun hayotlik chog‘larida kerakli choralarni ko‘rgandilar, lekin u kishining umrlari kifoya qilmay, vaqti-soati bugun ekan, ularning o‘ylagan orzulari, qilgan duolari ijobatini siz bilan biz ko‘rib turibmiz. 

Mushaflarning so‘ngida odatda uning istilohlari haqida so‘z boradi. "Falon belgi buni anglatadi, bu qoida mana bu suratda ifodalangan" degan izohlar bo‘ladi. U izohlar odatda arab tilida yoziladi. Biz mana shu mushafning nashrini ushbu izohlarni o‘zbek o‘quvchisiga oson va tushunarli bo‘lishi uchun o‘zbek tiliga tarjima qildik va mushaf so‘ngida uni ilova qildik. 

Bu mushaf haqida qorilarmiziga, Qur'on ustozlariga aytadigan ikki og‘iz so‘zim bor: Ko‘pchilik qorilarimiz avvalgi o‘zlari o‘rgangan Abdurahmoniy, Abdumalik Qur'onlarga ko‘zi o‘rgangan, shunga moslashgan, ularga yangi mushaflar go‘yo erishdek tuyulishi mumkin yoinki avvalgi mushaflarni ustun qo‘yishlari mumkin. Bu tabiiy hol, ularning ko‘nikmalari, lekin mushaf tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, mushaflarning nashri yildan yilga, asrdan asrga rivojlanib borgan, Abdurahmoniy Qur'onlar va Qozon bosma Qur'onlar - o‘z davrining mahsuloti. Lekin bugungi kun o‘quvchilarining talablariga to‘la mos va qoidalar imkon qadar to‘liq ifodalangan mushaflar mana shu hozirda nashrdan chiqayotgan mushaflar hisoblanadi. Shuning uchun bundan buyog‘iga Qur'on yodlamoqchi bo‘lgan qorilarimiz mana shu mushaflarni o‘qishsa, har tomonlama qulay bo‘ladi. Jumladan, dunyo musobaqalariga chiqqanda ham butun dunyo qorilari mana shu mushaf bo‘yicha Qur'on yodlashmoqda, ular bilan mushaf sahifalari bo‘yicha bahs-munozara qilsalar, aynan shu mushaf sahifalarini yodda tutishlari juda katta ahamiyat kasb etadi. 

Bu mushafda tajvid qoidalarining bir qanchasi o‘z ifodasini topgan, ularni mushaf orqasida berilgan izohlardan tushunib olish mumkin bo‘ladi. Mazkur mushaf 50 ming adadda chiqmoqda. Bu nashr nafaqat O‘zbekistonda, balki butun mintaqamizda katta ahamiyatga ega, zero bunday sifatdagi mushaf qo‘shni respublikalarda hali nashr qilinganicha yo‘q. Shuning uchun bu kamlik qilishi ham mumkin, Alloh nasib qilsa, uni qayta-qayta nashrdan chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Qur'on nashr qilingan joyda albatta xayr-baraka bo‘ladi. 

Yana shuni ta'kidlash joizki, mushaf nashri respublikada Prezident tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan Qur'on musobaqalari bilan bir paytda amalga oshayotgani quvonch ustiga quvonch, Allohning hikmatidir. 

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi qoshida Mushafni ko‘rikdan o‘tkazish hay'ati tuzildi. Bu hay'atga muftiy hazratlari, Usmonxon Alimov janoblari rais etib saylandi va hay'atda yurtimizning ko‘zga ko‘ringan Qur'on qorilari, mutaxassislari a'zo etib tayinlandi. Bundan maqsad - o‘lkamizdagi mushaf nashrlarini nazoratda tutish", - deydi "Islom ota" jome' masjidi imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid .

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Mavzuga oid