Jamiyat | 00:30 / 10.01.2018
18710
3 daqiqa o‘qiladi

Farzandiga kitobni ona emas, ota o‘qib berishi foydali

Foto: flickr

Farzandlariga uyqudan avval kitobni ona emas, ota o‘qib bersa, bolalar yaxshiroq rivojlanadi. Ijtimoiy muhandislik yo‘nalishida tadqiqotlar olib borgan Harvard universiteti vakillari shunday xulosaga kelishdi.

Ma'lum bo‘lishicha, farzandiga kitob o‘qib berayotgan ota bolaning dunyo qarashi kengayishiga yordam qiluvchi savollarni berib boradi. Natijada, uning lug‘at boyligi oshishi kuzatilgan, chunki aytilgan savollarga javob berish va suhbatni davom ettirish uchun bola yangi so‘zlarni qidirishga harakat qiladi. Kuzatishlar shunga dalolat qildiki, otalarning kitob o‘qib berishidan, ayniqsa, qizlar ko‘proq rivojlanishi ma'lum bo‘ldi.

Tadqiqot ustida ishlagan Elizabet Duursmaning aytishicha, ota farzandining 2 yoshga to‘lmasdan u bilan kitob o‘qishni boshlasa, bunday ijobiy ta'sir kuchliroq bo‘ladi.

«Erkak va ayol bu vazifaga turlicha yondashadi. Agar ayollar ko‘proq faktlar bilan bog‘liq savollar bersa (masalan, «Nechta olma ko‘ryapsan?»), otalar mavhumroq savollar beradi (masalan, «O, qara! Olma! Esingdami fermaga olma tergani borgandik?​»)», deydi Duursma.

AQShda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik huquqshunos Nodir Zakirovning ta'kidlashicha, Amerika maktablarida ta'lim olayotgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga kundalik topshiriq keladi: «Farzandingizga kuniga kamida 20 minut kitob o‘qib bering». Bora-bora, bola o‘qishni o‘rganishi bilan kuniga 20 minut o‘qish topshirig‘i bolaga o‘tadi. 

«Ayni paytda 2-sinfda o‘qiyotgan o‘g‘lim Umarbek taxminan 100 betlik bolalar kitobini 2 kunda o‘qib tugatadi. ​O‘qishga shunchalik berilib ketadiki, hattoki ovqatlanishga chaqiriqni ham sezmay qoladi. Kuni kecha o‘g‘limiz o‘qiydigan maktabda kutubxona tomonidan uyushtirilgan kitob yarmarkasi bo‘ldi. Bolalar va ota-onalar kamida 3-4 kitoblarni tanlab, ularga pul to‘lash uchun kassaga navbatda turishibdi. Bo‘lmasa maktab kutubxonasida har yoshdagi va turli qiziqishga ega bolalarga bir olam kitoblar bor va ularni bepulga olib, o‘qish mumkin», deb shaxsiy tajribasi bilan o‘rtoqlashgan u.

Nodir Zakirovning fikricha, O‘zbekistonda bunday navbatlarni, masalan, oziq-ovqat do‘konida shakar yoki ungagina ko‘rish mumkin, lekin kitob do‘konida emas.

«Amerikalik ota-onalar televizor ko‘rishdan vaqtini tejashi mumkin, lekin o‘z farzandiga kitob o‘qib berishdan vaqtni ayamaydi. Buni ulardan o‘rgansa bo‘ladi», deb ta'kidlaydi huquqshunos.

Mavzuga oid