Jamiyat | 23:00 / 12.01.2018
22162
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura shubhali dalillar asosida ochilgan jinoiy ishlarga izoh berdi

O‘zbekiston qonunchiligida har qanday shubhali dalil asosida ochilgan jinoiy ish yopilishi kerakligi belgilangan bo‘lsa-da, amalda buning aksi ko‘p marta sodir bo‘lgan. Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Taraqqiyot strategiyasida bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida shu haqda ma'lum qildi.

Foto: Umid Muhammadov/Kun.uz

“Xabaringiz bor, 2017 yil noyabr oyida Prezident tomonidan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning erkinliklari va huquqlarining kafolatlarini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi. Unda bevosita surishtiruv, dastlabki tergov va sud faoliyatida dalillar maqbulligi masalasiga e'tibor qaratildi. 

Amaldagi qonunchilikda ijro ishini tergov qilish doirasida yoki jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar dalillar, ma'lumotlarga qo‘yilgan talablar mavjud bo‘lsa-da, afsuski amaliyotda, ko‘plab holatlarda noto‘g‘ri qo‘llash yoki qonun talablarini har qanday chetlab o‘tishga urinishlar bo‘lgan. Buni ochiq tan olishimiz kerak. O‘zimizni o‘zimiz aldashimiz natijasida ayrim fuqarolarning muayyan huquqlari buzilgani e'tiboridan Prezident topshirig‘iga binoan o‘rganishlar o‘tkazildi. 

Davlat dasturi loyihasida rejalashtirilayotgan dastlabki tergov jarayonida dalillarni yig‘ish, ularga baho berish, mustahkamlash va rasmiylashtirishda qonun talablariga so‘zsiz rioya etilishi, qonunga xilof tarzda yig‘ilgan har qanday dalil tufayli sud yoki tergov hatto jabrlanuvchining ham emas, jinoiy ishda gumon qilinayotgan, ayblanayotgan kishi foydasiga hal qilinishi, har qanday shubha, chala isbotlangan ish ayblanuvchining oqlanishiga asos bo‘lishiga doir me'yorlar amaldagi Kodekslarda yanada mustahkamlanadi. 

Bundan tashqari, loyihada sodir bo‘lgan jinoyatda aybdordan tashqari, ushbu jinoyatning sodir etilishida jabrlanuvchining ishtirokini tanqidiy o‘rganib chiqish va uning ham javobgarligini kuchaytirish nazarda tutilmoqda”, - dedi Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i . 

 

Mavzuga oid