Fan-texnika | 19:30 / 12.01.2018
7588
2 daqiqa o‘qiladi

iOS’ning yangilanishi ayfonlar ishlashi sekinlashishiga olib keldi

Foto: Hi-Tech

Tadqiqotchi Melvin Mugxal iOS operatsion tizimining yangilanishi uning ayfoni unumdorligini kamaytirganini aniqladi. Ba'zi hollarda smartfon ishlashi tezligi 50 foizgacha kamaygan. 

Mugxal patch (yangilanma) o‘rnatilishidan oldin va keyin o‘zining iOS 11.2.2 operatsion tizimli iPhone 6 smartfonini sinagan. Sinov bir xil sharoitda, fonda bajariluvchi dasturlarsiz o‘tkazilgan. Smartfonda, shuningdek, Jailbreak bo‘lmagan, ta'mirlash o‘tkazilmagan va tizim o‘zgartirilmagan. Sinovning barcha bandlariga ko‘ra smartfonning ishlashi 40-50 foizga kamaygan. 

Apple kompaniyasi esa iOS 11.2.2 operatsion tizimi yangilanishi foydalanuvchilar xavfsizligi nuqtai nazaridan juda muhimligini ta'kidlab, uni rad etmaslikni tavsiya qilmoqda. Yangilanma orqali 2017 yil o‘rtalarida aniqlangan Spectre nosozligi to‘g‘rilanadi. Bu nosozlik dasturlar himoyasidagi zaif joylar orqali xakerlarga boshqa dasturlardan ma'lumot olish imkonini beradi. 

2017 yil dekabrda Apple kompaniyasi eski akkumulyatorlarga ega iPhone’lar ishlashini ataylab sekinlashtirishini tan olgan. Bu qurilmaning yuqori yuklanganlik vaqtida to‘satdan o‘chib qolishining oldini olish uchungina amalga oshirilgan.

Mavzuga oid