Jahon | 08:02 / 12.01.2018
5766
2 daqiqa o‘qiladi

Kosovo bosh vaziri “qulayroq” bo‘lgan Albaniya fuqaroligini oldi

Foto: AP Photo/Visar Kreziu

O‘z mustaqilligini e'lon qilgan Kosovo respublikasi bosh vaziri Ramush Xaradinay va uning rafiqasi Anita Albaniya fuqarosi pasportini olishdi. Bu haqda Xaradinayning o‘zi Facebook’da ma'lum qildi. 

“Alban davlatiga minnatdorman, Albaniya pasporti olish juda ham faxrlidir”, deb yozgan Xaradinay.

Xaradinay Albaniyaga 11 yanvarda tashrif buyurgandi. lajmi.net portalining ma'lum qilishicha, Xaradinay Albaniya fuqaroligini olishga bundan 3 kun avval ariza topshirgan.

Biroq bu yangilik Kosovoning o‘zida tanqidga uchradi, chunki o‘z mustaqilligini e'lon qilgan davlat viza rejimi borasida Albaniyadan ko‘ra kamroq imkoniyatlarga ega va Xaradinayning xorijiy safarlar uchun “qulay” bo‘lgan pasportni olishi unga qolgan kosovoliklarga nisbatan ko‘proq imtiyoz beradi.

Xaradinayga alban fuqaroligi Albaniyaning sobiq prezidenti Buyar Nishanining 2017 yil aprelidagi maxsus farmoni bilan berildi.

Kosovoning alban hukumati AQSh va Yevropa Ittifoqining bir qator davlatlari qo‘llab-quvvatlovi ostida 2008 yilda Serbiyadan mustaqilligini e'lon qilgan. Kosovo Serbiya, Rossiya va boshqa ko‘plab davlatlar tomondan tan olinmaydi.  

Mavzuga oid