O‘zbekiston | 20:20 / 12.01.2018
20881
5 daqiqa o‘qiladi

Videoselektorda Tashqi ishlar vazirligining o‘tgan yildagi faoliyati tanqidiy tahlil qilindi

11 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari faoliyati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, unda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni vakillari, hukumat a'zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyatlar hokimlari, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa vazirlik hamda idoralar rahbar xodimlari ishtirok etdi.

O‘tgan davr mobaynida chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish, xorijiy davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishilgani qayd etildi.

“O‘zbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo – bosh ustuvor yo‘nalish” tamoyili izchil hayotga tatbiq etilishi mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratish, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik asosidagi aloqalarni mustahkamlash imkonini berdi. Shu asosda suvdan oqilona foydalanish, chegara, transport qatnovini qayta tiklash va kengaytirish kabi ko‘plab nozik masalalarga yechim topildi.

Rossiya va boshqa MDH mamlakatlari, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Yevropa va Osiyodagi bir qator davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlandi. BMT, YeXHT, ShHT, IHT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda. Toshkent shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining ofisi qayta ish boshladi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infrastruktura investitsiyalari banki bilan hamkorlikni yangicha asosda yo‘lga qo‘yildi.

2017 yilda 200dan ortiq xalqaro shartnomalar, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida qiymati qariyb 60 milliard AQSh dollariga teng kelishuv va bitimlar imzolandi.

Bunday salmoqli ishlarda Tashqi ishlar vazirligi ham muhim o‘rin tutgani ta'kidlandi.

Yig‘ilishda Tashqi ishlar vazirligi, uning muassasalari, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining 2017 yildagi faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, 2018 yil va yaqin istiqboldagi ustuvor vazifalari belgilab olindi.

Prezident Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida Tashqi ishlar vazirligining barcha yo‘nalishlardagi faoliyati samaradorligini tubdan oshirish zarurligini ta'kidladi. Bunda, avvalo, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimiz sanoati va infratuzilmalarini modernizatsiya qilish uchun xorijiy investitsiyalar, ilg‘or texnologiyalar hamda ilm-fan yutuqlarini faol jalb etish, yurtimizga sayyohlar oqimini kengaytirish bo‘yicha tizimli ish borish kerak. Elchilar va barcha darajadagi diplomatlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarning yangi bosqichida faol qatnashishlari lozim.

Shavkat Mirziyoyev xorijiy davlatlardagi elchilar faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish, vazirlik va unga qarashli muassasalar tashkiliy-shtat tuzilmasini takomillashtirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligiga e'tibor qaratdi.

Prezidentning Davlat maslahatchisi O.Murodov boshchiligidagi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari faoliyatini tanqidiy o‘rganish hamda tubdan takomillashtirish bo‘yicha komissiya Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi har bir xodimning ishiga xolis baho berishi, mavjud kamchiliklarni tahlil qilib, ularni bartaraf etishga oid aniq takliflar kiritishi lozim bo‘ladi.

Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalar jalb etish, turizmni rivojlantirish, hukumatlararo komissiyalar faoliyatini kotibiyat sifatida muvofiqlashtirish, xorijdagi vatandoshlarimiz va fuqarolarimiz bilan ishlash bo‘yicha ixtisoslashgan bo‘linmalar tashkil etish muhimligi ta'kidlandi. Yig‘ilishda bugun qo‘yilayotgan vazifalar diplomatik xizmatni huquqiy jihatdan tartibga solishning samarali tizimini shakllantirishni talab qilayotgani ham qayd etildi.

Mamlakatimizning xorijdagi har bir diplomatik muassasasi amaliy faoliyati atroflicha ko‘rib chiqildi va tanqidiy baholandi, yaqin istiqbolda tashqi siyosiy faoliyat yuritishning aniq yo‘nalishlari belgilab berildi.

Mavzuga oid