O‘zbekiston | 19:46 / 13.01.2018
11129
3 daqiqa o‘qiladi

Nurafshon shahrida​ harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazildi​

Toshkent viloyati ma'muriy markazi – Nurafshon shahrida birinchi marta yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazildi. 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 26 yilligi munosabati bilan  tashkil etilgan mazkur bayram tadbiri “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat, jasorat maktabi” shiori ostida o‘tdi.

Unda so‘z olgan viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov va boshqalar barcha ishtirokchilarni, xususan, elu yurtimiz osoyishtaligi posbonlari va ularning yaqinlarini milliy armiyamiz tashkil topganining 26 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.  Shundan so‘ng festival yugurish marafoniga start berildi. “Dehqonobod” mahallasidan start olgan marafon yo‘nalishi Nurafshon shahri markazigacha bo‘lgan uch ming metrdan ortiqni tashkil etdi. Marafonda yuqori natijaga erishganlar munosib rag‘batlantirildi.


Festival doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada harbiy texnikalar, shaxsiy himoya vositalari, maxsus snaryadlar namoyish etildi. Xizmatga chaqiriluvchi yigitlar, qiziquvchilar o‘q otar qurol va boshqa vositalarni ushlab ko‘rish, ishlatish tartiblari, ularni imkoniyatlari bilan tanishish imkoniyatlariga ega bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilarga O‘zbekiston harbiy salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, muddatli va shartnoma asosida xizmat o‘tash shart-sharoitlari, imkoniyat va imtiyozlar, “Temurbeklar maktabi”, harbiy oliy ta'lim muassasalarida o‘qitish tizimi haqida ma'lumotlar berildi.

"Bunday tadbirlar xalq bilan armiya birligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Festivalda juda ko‘p yigit-qizlar qatnashdi. Ularning bir qanchasi bilan suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Shunga amin bo‘ldimki, yoshlarimizda  jonajon O‘zbekistonimizga, Vatanimizga bo‘lgan mehru muhabbati oshib borayotir", – deydi Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlardan birida xizmat qilayotgan serjant Jahongir Aymatov.

Festivalda  maxsus harbiy qism xizmatchilari yoshlarga qurollardan foydalanish qoidalarini, qo‘l jangi usullarini ko‘rsatib, o‘rmon, tog‘ va cho‘llarda harakatlanish bo‘yicha ma'lumot va tushunchalar berdi. Tegishli harbiy qism oshpazi Bekzod Milliboyev harbiy dala oshxonasida pishiriladigan taomlardan ayrimlarini tayyorlanishi ko‘rsatib berdi.

Mavzuga oid