O‘zbekiston doimiy aholisi soni ma'lum qilindi
O‘zbekiston Respublikasi doimiy aholisi soni 2018 yil 1 yanvar holatiga 32,65 mln kishini tashkil etib, 2017 yilda 533,4 ming kishiga yoki 1,7%ga o‘sgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Jumladan, shahar aholisi soni 16,53 mln kishini (jami aholi sonidagi ulushi 50,6%), qishloq aholisi soni 16,12 mln kishini (49,4%) tashkil etdi.
Respublika hududlari kesimida tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2018 yil 1 yanvar holatiga eng ko‘p aholi soni Samarqand viloyatida 3,71 mln kishini (respublika aholisi sonidagi ulushi 11,4%ni) tashkil etib, keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyatida 3,62 mln kishini (11,1%), Qashqadaryo viloyatida 3,14 mln kishini (9,6%), Andijon viloyatida 3,01 mln kishini (9,2%) tashkil etdi.
2018 yil 1 yanvar holatiga aholisi soni 3 mln kishidan oshgan hududlar soni 4 tani tashkil etdi.
2017 yilda 715,5 ming bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 22,1 promilleni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 0,7 promillega kamaydi (2016 yilda 22,8 promille bo‘lgan).
Tug‘ilish koeffitsiyenti 2016 yilning mos davriga nisbatan Surxondaryo viloyatida o‘sgan (25,7 promilledan 25,9 promillega) bo‘lib, sezilarli darajada kamayish esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida (21,9 promilledan 20,7 promillega), Farg‘ona (22,2 promilledan 21,0 promillega), Toshkent (20,3 promilledan 19,2 promillega), Xorazm (22,2 promilledan 21,0 promillega), Buxoro (20,9 promilledan 20,0 promillega) va Jizzax (24,5 promilledan 23,6 promillega) viloyatida kuzatildi.
2017 yilda jami 715,5 ming nafar bola tug‘ilganganligi qayd etilgan bo‘lib, shundan onasining yoshi bo‘yicha tug‘ilganlarning 280,8 ming nafari (jami tug‘ilganlarga nisbatan 39,2%) 20-24 yoshlardagi ayollar, 248,1 ming nafari (34,7%) 25-29 yoshdagi, 122,3 ming nafari (17,1%) 30-34 yoshlardagi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2017 yilda 161,5 ming o‘lim qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 5,0 promilleni tashkil etib, 2016 yilning mos davriga nisbatan 0,1 promillega oshdi (2016 yilda 4,9 promille bo‘lgan).
O‘lim koeffitsiyenti 2016 yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada o‘sishi Andijon (5,1 promilledan 5,4 promillega), Jizzax (4,2 promilledan 4,4 promillega), Qashqadaryo (4,1 promilledan 4,3 promillega), Namangan (4,7 promilledan 4,9 promillega), Surxondaryo (4,3 promilledan 4,5 promillega) va Farg‘ona (4,8 promilledan 5,0 promillega) viloyatlarida kuzatildi.
Jami vafot etganlarning 8,2%i mehnatga layoqatli yoshdan kichik yoshdagilarga (2016 yilda 8,0%), 27,6%i mehnatga layoqatli yoshdagilarga (2016 yilda 28,5%), 64,2%i mehnatga layoqatli yoshdan katta yoshdagilar (2016 yilda 63,5%) hissasiga to‘g‘ri keldi.
2017 yilda vafot etganlar soni 2016 yilga nisbatan 6,7 ming kishiga o‘sib, ularning asosiy qismi, ya'ni 74,6%ini 60 yosh va undan katta yoshdagi aholi tashkil etgan.
2017 yilda qayd etilgan vafot etganlarning 59,9%i qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,3%i o‘simtalardan, 6,5%i baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 5,7%i ovqat hazm qilish a'zolari kasalliklaridan, 4,8%i nafas olish a'zolari kasalliklaridan, 1,7%i yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 12,1%i boshqa kasalliklardan vafot etgan.
Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalarning 56,4%i perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 21,1%i nafas olish a'zolari kasalliklaridan, 11,9%i tug‘ma anomaliyalardan, 3,5%i yuqumli va parazitar kasalliklardan, 1,9%i baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 0,5%i ovqat hazm qilish a'zolari kasalliklaridan va 4,7%i boshqa kasalliklardan vafot etgan.
2017 yilda aholining tabiiy o‘sishi 554,0 ming kishini tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 17,4 ming kishiga (2016 yilda 571,4 ming kishi bo‘lgan) kamaygan.
2017 yilda FHDYo organlari tomonidan 306,0 mingta nikoh qayd etildi. Respublika bo‘yicha 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koeffitsiyenti 9,4 promilleni tashkil etmoqda.
Tuzilgan nikohlar soni 2016 yilga nisbatan yuqori o‘sish sur'atlari Surxondaryo (126,6%), Jizzax va Namangan (115,9%), Samarqand (112,3%) hamda Qashqadaryo (111,2%) viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.
2017 yilda jami nikoh qurgan ayollarning 21,6%i 20 yoshgacha, 70,2%i 20-29 yoshlilarga, 8,2%i 30 yoshdan katta yoshdagilarga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, erkaklarning 0,9%i 20 yoshgacha, 83,5%i 20-29 yoshlilarga va 15,6%i 30 yosh hamda undan kattalarni tashkil etmoqda.
2017 yilda FHDYo organlari tomonidan 31,9 mingta nikohdan ajralishlar qayd etilgan bo‘lib, 1000 aholiga nisbatan nikohdan ajralish koeffitsiyenti 1,0 promilleni tashkil etdi.
Ajrimlar soni 2016 yilga nisbatan yuqori o‘sish sur'atlari Surxondaryo (128,6%), Jizzax va Sirdaryo (122,2%) Samarqand (121,2%), Namangan ( 119,0% ) viloyatlariga va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga (118,2%) to‘g‘ri kelmoqda.
2017 yilda respublika bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 157,1 ming kishini, ko‘chib ketganlar soni esa 177,7 ming kishini tashkil etdi. Migratsiya saldosi minus 20,6 ming kishi bo‘lib, 2016 yilga nisbatan 5,6 ming kishiga kamaygan.
Migratsiya saldosining yuqori darajasi Toshkent (minus 6,2 ming kishi), Samarqand (minus 5,2 ming kishi), Qashqadaryo (minus 4,0 ming kishi) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (minus 4,4 ming kishi) qayd etildi.
Mavzuga oid
08:45 / 24.12.2024
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi salkam 60 mlrd dollarga yetdi
10:56 / 22.12.2024
2024 yil 11 oyda qancha yengil avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi
08:10 / 10.12.2024
O‘zbekistonda doimiy aholi soni 37,5 mlndan oshdi
16:51 / 09.12.2024