Jamiyat | 17:50 / 18.01.2018
11705
2 daqiqa o‘qiladi

Ayol yo‘talayotgan paytida qovurg‘asini sindirib oldi

Foto: The New England Journal of Medicine

AQShning Massachusets shtatida yashovchi keksa ayol yo‘talayotgan paytida o‘z qovurg‘asini sindirib oldi. Noodatiy holat haqida The New England Journal of Medicine jurnalida xabar berilgan.

66 yoshli ayol shifokorga so‘nggi ikki hafta tinmay yo‘talayotgani hamda ko‘kragidagi kuchli og‘riqlar bo‘yicha shikoyat qilgan. Shifokor esa bu respirator infeksiya, masalan, gripp tufayli kuzatilayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Biroq, keyingi besh kun davomida uning ahvoli yaxshilanmadi.

Shifokor ko‘rikdan o‘tkazish chog‘ida ayolning yon qismida, ko‘krak qafasi hamda tos suyagi bilan son suyagini tutashtirgan bo‘g‘in o‘rtasida katta ko‘kargan joy borligiga e'tibor qaratdi. U kuchli og‘riq bergan. Kompyuter tomografiyasi esa ayolda qovurg‘alaridan biri sinib, joyidan siljiganini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, burun va tomoq tahlillari o‘tkazilganida, unda ko‘kyo‘tal borligi aniqlandi.

Ko‘kyo‘talda kuchli yo‘talishlar kuzatiladi. Aftidan, ayol navbatdagi yo‘tal paytida qovurg‘asini sindirib olgan. U jarrohlik amaliyotidan o‘tkazildi, shuningdek, antibiotikterapiyadan o‘tdi. Endi ayol mutlaqo sog‘lom, deb xabar berishmoqda maqola mualliflari.

Mavzuga oid