Sport | 23:20 / 20.01.2018
9908
2 daqiqa o‘qiladi

“Dakar” poygasining g‘oliblari aniqlandi

Foto: Getty Images

Ispaniyalik poygachi Karlos Sayns “Pejo” avtomobilida “Dakar” ralli-marafonining avtomobillar yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Poyganing yakuniy bosqichi 20 yanvarda bo‘lib o‘tdi va Argentinaning Kordova shahrida yakunlandi.    

Poyganing 14 bosqichiga ko‘ra Saynsning umumiy vaqti 49 soat 16 daqiqa 18 soniyani tashkil qilgan. 2-o‘rinni qatarlik Nassir Al-Attiya “Toyota”da egalladi, u g‘olibga 43 daqiqa 40 soniya yutqazgan. Janubiy afrikalik Jiniel de Vilers “Toyota”da 3-o‘rinni egallagan, u g‘olibga 1 soat 16 daqiqa yutqazgan. 

Sayns 2010 yilda ham “Dakar” g‘olibi bo‘lgan. U shu tariqa poyganing 2 karra g‘olibiga aylandi.

Karlos Sayns. Foto: ZiFM Sport

Yuk mashinalar orasida Rossiyaning “KamAZ-master” jamoasi g‘olib bo‘ldi. Eduard Nikolayev boshchiligidagi jamoa 13 bosqich (bir bosqich ob-havo sharoiti tufayli bekor qilingan) yakunlariga ko‘ra 54 soat 57 daqiqa 37 soniya vaqt bilan 1-o‘rinni egalladi. 2-o‘rinni Sergey Vyazovich boshchiligidagi "MAZ-sport" belarus jamoasi, 3-o‘rinni “KamAZ-master”ning yana bir ekipaji egallagan.

33 yoshli Nikolayev poyganing 3 karra g‘olibiga aylandi. U 2013 yil va 2017 yilda g‘olib bo‘lgan. 

“KamAZ-master” jamoasi 15-marta g‘oliblikni nishonladi. 

Poyga Janubiy Amerikaning uch davlati – Peru, Boliviya va Argentina hududlari orqali o‘tgan.

Mavzuga oid