Jamiyat | 00:26 / 22.01.2018
344599
4 daqiqa o‘qiladi

11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topildi

Murg‘ak qalb egasi har doim atrofidagi shaxs va buyumlarga qiziqish bilan e'tibor qaratadi. Afsuski, chaqaloq ba'zan nimalarni og‘ziga solishi-yu, bu moddalar sog‘lig‘iga qanday xavfni paydo qilishi haqda o‘y-tasavvurga ega emas. Ana shunday voqea Farg‘ona viloyatida istiqomat qilayotgan yosh oilaning yakkayu, yolg‘iz farzandi bilan yuz berdi.

Ma'lum qilinishicha, chaqaloqning onasi bolaning bezovtaligi, injiq bo‘lib qolganidan xavotirga tushib, shifokorlarga murojaat qilgan. Dastlabki tibbiy ko‘rik paytida, uning tomog‘i shishgan, isitmasi borligi tufayli, bola shamollab qolgani aytilgandi. Ammo, 11 oylik chaqaloqning peshobi ham buzilgan: uning kam hojat chiqarishi onani o‘ylantirib qo‘ydi.

Foto: Kun.uz

Rentgen suratlarida ayon bo‘ldiki, chaqaloqning tanasida 16 dona (!) igna bor va ular eng kamida ikki oydan buyon bolani qiynab keladi. Shunday qilib, bola va uning onasi zudlik bilan Toshkentga yuborildi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga keltirilgan bola tezkorlik bilan jarrohlik stoliga yotqizildi.

Markazdagi Bolalar jarrohlik bo‘limi mudiri, professor Akilovning ta'kidlashicha, barcha ignalar tanada turlicha joylashgan: ularni chaqaloqning yo‘g‘on ichak qismida, siydik qopi, ko‘krak qafasida, bolaning bo‘yin qismida, umurtqa pog‘onasida, yurak ostida aniqlashgan.

Foto: Akilov Xabibulla/Kun.uz

«​11 oylik chaqaloq 9 soat davomida jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Jarrohlar jamoasi guruhlarga bo‘linib, dastavval 9 ta ignani qorin bo‘shlig‘i va bo‘yin qismidan olib tashlagan. Shundan so‘ng, kardiotorakal jarrohlar jamoasi ish boshlagan, bundan tashqari qon-tomir jarrohlari va so‘nggi bosqichda kardio jarroh amaliyotni davom ettirdi»​, deydi shifokor Akilov.

Ayni paytda bolaning hayotiga xavf yetkazmaydigan darajada tanada joylashgan uchta igna haligacha organizmda qolmoqda. Ammo, ko‘pchilikni o‘ylantirgan savol bilan chaqaloqning onasiga yuzlandik: ignalar bolaning tanasida qanday paydo bo‘ldi?

«Turmush o‘rtog‘im Rossiyada ishlaydi, o‘zim esa ota uyimda vaqtincha yashab turibman. Uyda bolani o‘zim parvarish qilaman, hech qachon begona qo‘lga bermaymiz. Ignalar qanday qilib, uning ichiga tushib qolganidan xabarim yo‘q», deb yig‘laydi ona.

Foto: Kun.uz

Shifokorlarning fikricha, 8 oylik chaqaloq (bolaning tanasida igna paydo bo‘lganidan boshlab) hech qachon buncha ko‘p metallni yutib yuborishi mumkin emas, qolaversa, qizilo‘ngach va oshqozonda hech qanday yirtiq alomati topilmagan. Birgina farazni ilgari surish mumkin, ignalar tana tashqarisidan, ongli ravishda teriga tiqilgan.

«Orqa umurtqa suyagiga tegib turibdi, qarang, buni qanday izohlash mumkin? Bola mayda konstruktor, batareykani yutib yuborishini ko‘p kuzatdim, ammo ignalar tilib tashlaydi. Vaholanki, u faqat sakkiz oylik bolakayku», deydi professor.

Foto: Kun.uz

Bemor chaqaloq ayni paytda ilmiy markazdagi bolalar reanimatsiya bo‘limida saqlanmoqda. Mutaxassislar chaqaloq o‘ta og‘ir ahvolda ekanini bildirdi. Holat bo‘yicha Ichki ishlar xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari boshlangan. Kun.uz muxbiri ushbu voqeaga yana qaytadi.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Mavzuga oid